English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mulla Mardonqul Shohmuhammad o‘g‘li (+video)
10:55 / 2025-12-20

"Jadidlar — millat qahramonlari" loyihasining bu galgi sonida ma’rifatparvar jadid, taraqqiyparvar ulamo — Mulla Mardonqul Shohmuhammad o‘g‘li haqida ma’lumot beriladi.

Mulla Mardonqul 1882 yilda Samarqandda tug‘ilgan. Otasi Samarqandning oddiy oilasi bo‘lgan holda o‘g‘lini ta’lim olishiga e’tibor qaratgan.

Dastlab maktab ta’limini olib, so‘ng madrasada tahsil ko‘rgan. Arab va fors tillarini yaxshi o‘rgangan. Rus tilini mustaqil ravishda o‘zlashtirgan. U 1898 yilda samarqandlik bir hamrohi bilan Istanbulga sayohat qilgan. Dunyo ilm-fanini o‘rganishni davom ettirgan. O‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan zamondoshlari e’tiboriga tushgan. Fevral inqilobi arafasida ana shu qarashlari bois imperiya hukumati tomonidan qamoqqa olinib Toshkent turmasida saqlangan.

1917 yil fevral inqilobidan keyin o‘z qarashlaridan voz kechmagan holda Ijtimoiy-siyosiy qarashlarini ochiq targ‘ib qilgan. 1917 yilning aprel oyidan Samarqandda chiqa boshlagan “Hurriyat” gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlagan. 1917 yilda “Mardikorlar jamiyati” tuzgan. Biroq uning o‘tkazgan tadbirlari qarshilikka uchrab, bu jamiyat uzoq faoliyat yuritmay tugatilgan. Shundan so‘ng u kasal bo‘lib Rossiyaning atrof shaharlariga davolanish uchun safar qiladi. Oktyabr to‘ntarilishidan keyin bolsheviklar boshqaruvidagi hukumat ishlariga kirib ishlaydi. Xususan, 1918 yil boshlarida Samarqand uyezdining militsiya boshlig‘iga o‘rinbosar bo‘lib ishlagan. Shu yili Samarqandda ocharchilik kuchayib viloyatning turli qishloqlarida qozon osib, ochlarga yordam bergan.

U 1918 yil bahorida Buxoroga hujum qilishga harakat qilayotgan Kolesovning fikridan qaytarish maqsadi bilan Buxoroga boradi. Ammo maqsadi amalga oshmagach Samarqandga qaytib o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan. Kasallik sabab 1918 yil yozida bir oylik ruxsatnoma bilan Rossiyaning markaziga safar qiladi. Ortga qaytar chog‘ida inqilobiy harakatlar bois dastlab Kavkazda bO‘ladi, so‘ng Istanbulga o‘tib bir muddat shu shaharda turadi. Turkistonda Muxtoriyat masalasi ko‘tarilgach Istanbuldan qaytib yo‘l qiyinchiliklari bilan 1918 yilning qishida Chorjo‘y orqali Samarqandga keladi. Xalqning ijtimoiy hayotini yaxshilash uchun xalq hizmatiga kirishadi. U xalq orasidagi ortiqcha hashamlar, bidatlarga qarshi kurash olib borgan.

Oilali. Ikki farzandning otasi bo‘lgan.

O‘z davrida uning faoliyati ayrim kishilarga yoqmaydi. Uni yo‘q qilish payida 1919 yilda ruslar va bolsheviklar tarafdori sifatida qo‘lga olinib, 1920 yilda o‘ldiriladi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i5xiUvQbN9c" title="Mulla Mardonqul Shohmuhammad o`g`li " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

M.Turdaliyeva, A.Ahmedov, O‘zA