Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martda bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi qabul qilindi.
Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida 400dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlatlar konstitutsiyalari puxta tahlil etildi. Xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha qoidalarini o‘zida mujassam etgan yangilanayotgan Konstitutsiyamizda qator muhim yangiliklar ifoda etilmoqda.
Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani hisobiga so‘nggi olti yilda ularning soni 6 baravar oshib, bugungi kunda 2 millionga yetdi. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar 26 mingtaga, 100 million dollarga yetkazganlar esa 220 taga yetdi.
Loyihada mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlanmoqda. Mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda.
Bu esa iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarimizning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolat yaratadi.
M.Komilova, O‘zA