Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mulkiy huquqlarni amalga oshirishni murakkablashtirayotgan byurokratiya va ma’muriy yuk qisqardi
13:08 / 2022-09-05

Davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda mulk huquqi muammolari tahliliga alohida yo‘nalish sifatida to‘xtalib, uni himoya qilishni kuchaytirishga urg‘u berdi.

Buning amaliy chorasi sifatida esa Prezidentimiz “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo‘l qo‘ymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Farmonning ahamiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalar haqida adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov quyidagi fikrlarni bildirdi:

– Ushbu hujjat bilan tadbirkorlarni, umuman, har bir insonni o‘z mulkiga erkin egalik qilish, undan foydalanishga va uni tasarruf etishga to‘sqinlik qilayotgan ko‘plab ortiqcha tartiblar, talablar va cheklovlar bekor qilindi. Mulkiy huquqlarni amalga oshirishni murakkablashtirayotgan ortiqcha byurokratiya va ma’muriy yuk imkon qadar qisqartirildi.

Tahlillarimizga ko‘ra, qonunchilikda mulk huquqining daxlsizligiga putur yetkazadigan holatlar mavjud. Xususan, yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi ma’muriy hujjatlar barqaror emas.

Keyingi 2 yarim yilda hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq 2 ming 541 qarori bekor qilingan. Bu esa 2 ming 526 yer uchastkasiga (101 ming 358 gektar) bo‘lgan huquq sud qarorisiz bekor bo‘lishiga olib kelgan.

Ko‘chmas mulkning tavsifi va mulkdori haqidagi ma’lumotlar bir qancha axborot resurslarida yuritilsada, ulardan hech biriga to‘liq ishonch mavjud emas.

Ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar birgina kadastr organlarining “Ko‘chmas mulk-3”, “ArcGIS”, “Davreestr”, “Ko‘chmas mulk-4” kabi dasturlarida va qog‘oz shaklda yuritiladi.

Mulkdor o‘z mulkidan erkin foydalanishini cheklaydigan bir qator holatlar bor. Masalan, mulkdor o‘ziga tegishli bo‘lgan uy-joyida ro‘yxatda turgan shaxslarni ro‘yxatdan chiqarishda bir qancha cheklovlar mavjud.

Davlat organi aybi bilan mulkdorga yetkazilgan zarar rasman tan olinsada, uni haqiqatda undirish juda qiyin.

Xalqaro mulk huquqlari indeksida (IPRI) O‘zbekiston hozirga qadar baholanmasdan kelmoqda. Bu holatlar, o‘z navbatida, mulkiy huquqlarni amalga oshirishda qator murakkablik va to‘siqlarni keltirib chiqarmoqda.

Prezident farmoni mana shunday holatlarga chek qo‘yib, mulk daxlsizligi muhofazasini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Chunki mazkur hujjat bilan xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirishni nazarda tutuvchi bir qator yangi tartiblar joriy qilindi.

Ulardan eng asosiylari sifatida quyidagilarni alohida ta’kidlashni istardim. Bundan buyon mulkka bo‘lgan huquqni uni vujudga keltirgan hujjatni bekor qilish orqali tugatish mumkin emas. Agar hujjat noqonuniy qabul qilingan bo‘lsa, faqat sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.

Endilikda yerdan ixtiyoriy voz kechish mulkdorning notarial tasdiqlanadigan arizasiga asosan amalga oshiriladi. Endi buning uchun hokim qarorini qabul qilish talab etilmaydi.

Keyingi 2 yarim yilda 20 ming 543 ta yer uchastkasi (2,6 mln gektar) yerdan ixtiyoriy voz kechilganligi haqidagi arizaga asosan qabul qilingan hokim qarori bilan zaxiraga qaytarilgan. Amalda bunday qarorni yer egasining arizasini olmasdan ham qabul qilish holatlari mavjud.

Yuridik shaxs tugatilganda uning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlari bekor qilinmaydi va yer davlat zaxirasiga qaytarib olinmaydi. Mazkur yerlar tugatilayotgan yuridik shaxsning muassislariga o‘tadi.

So‘nggi 2 yarim yilda 227 ta qishloq va noqishloq yer uchastkasi zaxiraga qaytarilgan.

“Xabeas korpus” instituti doirasida curishtiruvchi va tergovchining mol-mulkni xatlash bilan bog‘liq qarorlarini sudda ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi.

Oxirgi 2,5 yilda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va fuqaroviy javobgarlarga tegishli 1,5 trillion so‘mlik 5 ming 144 ta mol-mulk sudgacha bo‘lgan bosqichda xatlab qo‘yilgan. Shundan 516 milliard so‘mlik 525 ta mol-mulk hozirga qadar xatlovda turibdi.

Xususiy mulk huquqini buzganlik uchun ma’muriy

va jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan holatlar belgilab berildi. Shu jumladan, endilikda xususiy mulk ob’ekti va u joylashgan hududga mulkdorning ruxsatisiz kirish uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi mumkin.

Endilikda mulkdor yoki uning vakili o‘z mulkini har qanday tajovuzdan huquqni buzishga mutanosib ravishda va huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasida mustaqil himoya qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Masalan, mulkdordan unga tegishli buyum asossiz olib qo‘yilganda, huquqbuzarni ta’qib qilish orqali uni qaytarib olishi, ko‘chmas mulkka o‘zboshimchalik bilan kirgan shaxsni esa jismoniy kuch ishlatib chiqarib yuborishi mumkin bo‘ladi, bu holatda mulkdor javobgarlikka tortilmaydi.

Turar joyga nisbatan mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy ro‘yxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish talab etilmaydi.

So‘nggi 2 yarim yilda fuqarolik sudlariga shaxsni turar joydan ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha 8 ming 954 ta da’vo arizalari kiritilgan. Shundan 7 ming 311 tasi (82 foizi) qanoatlantirilgan. Shu kunga qadar mulkdor o‘z turar joyiga ro‘yxatga qo‘yilgan shaxsni sud qarorisiz majburan ro‘yxatdan chiqarishga haqli emas edi.

Ko‘chmas mulk hisobini yuritishda Torrens tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizim 1857 yilda Avstraliyada Robert Torrens tomonidan joriy etilgan bo‘lib, davlat ko‘chmas mulk reyestridagi ma’lumotning to‘g‘riligi va to‘liqligini, unga ishonib harakat qilgan shaxs ko‘rgan zararlar qoplab berilishini kafolatlaydi

Ushbu tizimni joriy etish uchun quyidagi mexanizmlar belgilanmoqda. 2023 yil 1 yanvardan “Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi” (UZKAD) ko‘chmas mulkka oid yagona axborot bazasi hisoblanadi.

Kadastr organlarining “Ko‘chmas mulk-3”, “ArcGIS”, “Davreestr”, “Ko‘chmas mulk-4” kabi dasturlarida va qog‘oz shaklida yuritilgan barcha ma’lumotlar 2023 yil oxirigacha UZKAD tizimiga kiritiladi.

Bunda tizimdagi ma’lumotlarning haqiqiyligi

va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Agar turar joy UZKAD tizimidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonib xarid qilingan bo‘lsa, 3 yildan keyin sotib oluvchidan (insofli egallovchi) ushbu uyni talab qilib olishi mumkin emas. Dastlabki mulkdorga yetkazilgan zarar davlat tomonidan qoplanib, keyinchalik aybdordan undiriladi.

Hukumat va viloyatlar hokimliklari huzuridagi “snos” jamg‘armalari Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika va hududiy maqsadli jamg‘armalarga (kompensatsiya jamg‘armalari) aylantirildi.

Aholi va tadbirkorlarga yetkazilgan quyidagi zararlar kompensatsiya jamg‘armalaridan to‘lab beriladi: davlat organi, mansabdor shaxs, xususan, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qonunga xilof harakatlari natijasida mulkdorga yetkazilgan, sud qarori bilan aniqlangan zarar; ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga noqonuniy yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarning kiritilishi natijasida unga ishonib harakat qilgan shaxslarga yetkazilgan zarar; turar joy insofli egallovchidan talab qilib olinmasligi natijasida uning haqiqiy egasiga yetkazilgan zarar.

Sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan davlat organlari soni qisqartiriladi. Fuqarolar esa o‘z mulkini o‘zganing noqonuniy egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi da’volari bo‘yicha davlat bojidan ozod qilinadi.

Hozirda 20 dan ortiq davlat organlari sudlarda fuqarolarga nisbatan mulkiy da’volar kiritishda davlat boji to‘lashdan ozod qilingan. So‘nggi 2,5 yilda davlat organlari tomonidan kiritilgan da’volarning 42 foizi rad qilingan yoki ko‘rmasdan qoldirilgan.

Endilikda ularning soni qisqartirilib, imtiyozidan foydalangan holda yetarli asoslar bo‘lmasa ham sudlarga da’volar kiritish holatlariga chek qo‘yiladi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA