Mamlakatimizda mulk daxlsiz bo‘lib, barcha o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega. Ko‘chmas mulklar ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsagina yuridik va jismoniy shaxslarning egalik huquqlari yuzaga keladi.
Ayni paytda Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi bu borada aholiga o‘nga yaqin davlat xizmati ko‘rsatmoqda. Tizimga oid xizmatlarni ko‘rsatish elektron tarzda amalga oshirilib, bunda har bir murojaat davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron ko‘rinishda qabul qilinib, ijrosi ta’minlanayotir.
Joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatida ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportini shakllantirish uchun jismoniy va yuridik shaxslardan 28 ming 875 ariza tushgan. Shundan 613 tasini huquqiy hujjatlarning asli taqdim etilmagani uchun davlat xizmatlari markazi bekor qilgan. 8 ming 677 tasi nizoli holatlar borligi, hududi qishloq xo‘jaligi suvli yer maydonida turgani, oldi-sotdi shartnomada manzil noto‘g‘ri ko‘rsatilgani sababli rad etilgan. 484 tasiga texnik xodim tayinlanib, 275 tasining to‘lovi kutilmoqda. 18 ming 826 ta yer uchastkasi va ko‘chmas mulkka kadastr pasporti tayyorlangan.
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Behruz Safarovning O‘zAga ma’lum qilishicha, yilning o‘tgan davrida kadastr hujjatini tayyorlash yuzasidan eng ko‘p murojaat vohaning Termiz shahri aholisidan kelib tushgan. Shu kungacha 5 ming 104 ta murojaatning 3 ming 877 tasi ijobiy hal etilib, yer uchastkasi va ko‘chmas mulklarga kadastr pasporti tayyorlab berilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri