Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mulkdor mol-mulkiga o‘z xohishiga ko‘ra egalik qiladi
11:18 / 2022-10-14

Amaldagi Konstitutsiyaning 53-1-moddasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirish tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulkka ustuvorlik berishga qaratilgan. Bundan maqsad nima?

Tan olish kerakki, xususiy biznes yuritish sohasidagi ayrim masalalar (masalan, valyuta konvertatsiyasi, foydani erkin repatriatsiya qilish, xalqaro moliya institutlarini jalb qilish va h.k.lar) uzoq vaqt davomida hal etilmasdan qoldi, bu esa o‘z navbatida, mamlakatning investitsion jozibadorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Biroq so‘nggi yillarda bu boradagi vaziyat tubdan o‘zgara boshladi, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar jadallik kasb etdi. Hozir O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni harakatlantiruvchi omillaridan biri – milliy iqtisodiyotga xorijiy kapitalni jalb etish hisoblanadi. 

Shu bois xususiy mulkning huquq va himoyasini mustahkamlash, har qanday mulkdor qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan yoki yaratgan o‘z mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilmasligini ta’minlaydigan ishonchli kafolatlar tizimini yaratish zarur. Shunda tadbirkor o‘z biznesiga bexavotir investitsiya kiritish, ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish, mahsulot hajmi va olayotgan daromadini ko‘paytirishdan manfaatdor bo‘ladi. 

Yer munosabatlarining tubdan isloh qilinishi milliy iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga zamin yaratdi. Xususan, 2019 yilda qabul qilingan «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonun bilan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi va ularning huquqiy holati tartibga solinadi. Yerni taqsimlashning shaffof, bozor tamoyillari asosida va barchaga teng huquqli tartibini joriy etish, yerdan foydalanish sohasidagi mulkiy-huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash maqsadida 2021 yil iyun oyida Prezidentning «Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. 

Yerni bozor mulkiga aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini aniqlash va moliyaviy muomalaga jalb etish, yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yer islohotlarining muhim natijasi bo‘ldi. 

Davlatimiz rahbari joriy yilning 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda 5 ta yo‘nalish bo‘yicha quyidagi tashabbuslarni ilgari surdi: 

Birinchi tashabbus korxonalarni toifalarga ajratish va ularni qo‘llab-quvvatlashga o‘ziga xos yondashuvni o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Ushbu tasnifning asosiy mohiyati – korxonalarga soliq va boshqa imtiyozlar berish orqali ularni yanada rivojlantirish uchun rag‘batlantirishdir. 

2023 yil 1 yanvardan boshlab mikrokorxonalar uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi. 

Ikkinchi tashabbus tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish maqsadida umumiy qiymati 20 trln. so‘mlik kichik biznes loyihalariga qaratilgan.

Uchinchi tashabbus – kredit berish bilan cheklanib qolmasdan, yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatlangan bozor yaratish maqsadida har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, biznes uchun alohida yondashuvlarni joriy etishdan iborat. 

To‘rtinchi tashabbus – tadbirkorlarning mulkiy huquqlarini himoya qilish. Bundan buyon yer va mol-mulk berish to‘g‘risidagi qarorlarni bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshiriladi. 

Beshinchi tashabbus – tadbirkorlar uchun yangi javobgarlik va jarimalar joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinishi. Shuningdek, tadbirkorlar zimmasiga yangi majburiyatlar yuklovchi yangi qonun hujjatlari qabul qilingan taqdirda, tadbirkorlar 6 oy ichida xatoga yo‘l qo‘yganliklari uchun jazolanmaydi. 

Lekin hali yechimini kutayotgan muammolar bor. Ular mulkchilik shakllarini rivojlantirish va buning uchun qonuniy asoslarni yaratish, iqtisodiyotni liberallashtirish, qishloq boshqaruvini tubdan isloh qilish, davlat ulushi ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish, raqobat muhitini yaxshilash, korrupsiyaga qarshi jiddiy kurashish masalalariga tegishli. 

Qayd etish lozimki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan bir qator yangi moddalar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlashga qaratilgan. Jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 53-1-moddasi quyidagicha bayon etilmoqda: “Hech bir shaxs o‘z mol-mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emas. Mulkni jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda boshqa shaxsga o‘tkazish qonunda nazarda tutilgan alohida hollarda hamda tartibda uning o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti bilan amalga oshirilishi mumkin». 

Mulk daxlsizligi va himoyasining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalda ta’minlash bu, birinchidan, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezoni bo‘lsa, ikkinchidan, mamlakat iqtisodiyotini har tomonlama va jadal rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy zamindir. 

 

M.XOLMUHAMEDOV, 
ekspert, iqtisodiyot fanlari nomzodi