Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mulk huquqi daxlsiz, uni buzishga hech kim haqli emas
18:50 / 2020-12-29

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bugungi Murojaatnomasida mulk huquqi daxlsizligi, ayniqsa tadbirkorlar  manfaatlari himoyasini ta’minlash masalasiga e’tibor qaratildi. Xususiy mulkka asossiz ravishda daxl qilish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda mulk huquqi daxlsiz bo‘lib, bu mutlaq huquq qonun bilan qo‘riqlanadi. Mulkdor, qonun yoki mulkdor o‘zi bilan shartnomada nazarda tutilgan harakatlardan tashqari, o‘zining mulkiga har qanday ta’sirni taqiqlab qo‘yish yoki istisno qilishga haqli. Mulkdor o‘z manfaatlarida mulkidan erkin ravishda foydalanadi. 

Fikrimizni iqtisodiy sudda ko‘rilgan ish misolida keltirsak. Tuman hokimligi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “B” xususiy korxonasiga nisbatan qo‘shni “A” kichik korxonasi  tomonidan muqaddam qurilgan binoning deraza oynalarini to‘sgan holda oraliq masofasini saqlamasdan qurilayotgan 100 m2 o‘lchamdagi devorni buzish va yer maydonini o‘z holatiga keltirishni so‘ragan.

Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bilan da’vo rad qilingan.

Apellyatsiya instansiyasi sudining qarori bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilingan va da’vo arizani qanoatlantirish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilingan. Ammo Oliy sud iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining qarori bilan apellyatsiya instansiyasi sudining qarori bekor qilingan va birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Ish hujjatlariga ko‘ra, umumiy yer maydoni 3 000 m2 bo‘lgan bino va inshootlar oldi-sotdi shartnomasiga asosan kimoshdi savdosida javobgar tomonidan sotib olingan. 

Tuman hokimining qarori bilan mulk javobgarga doimiy foydalanish uchun berilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan berilgan xulosa bilan javobgarga ushbu yer maydonida joylashgan bino va inshootlarni qayta rekonstruksiya qilishga ruxsat berilgan.

Javobgar tomonidan doimiy foydalanishdagi yer maydonida  qurilish yuzasidan bosh reja loyihasi ishlab chiqilgan va u viloyat va tuman bosh arxitektorlari, tuman davlat sanitariya va epidemiologiya bosh vrachi, tuman IIB YOXB boshlig‘i bilan o‘zaro kelishib, ruxsat olingan holda tasdiqlangan. 

Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, javobgarga tegishli yer maydoni 3 000 m2, jami qurilish osti maydoni 2 000 m2, foydali maydoni 1 500 m2dan iborat.

Ish hujjatlarida nizoli ob’ektning o‘zboshimchalik bilan qurilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas. Aksincha amalga oshirilayotgan qurilish bo‘yicha tegishli ruxsat etuvchi hujjatlar mavjud.

Apellyatsiya instansiyasi sudi noto‘g‘ri xulosaga kelganligi sudlov hay’ati tomonidan e’tirof etilgan va qabul qilingan qaror bekor qilinib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilgan. 

Shu misoldan ham ko‘rishimiz mumkin-ki, mulkdor o‘ziga berilgan yer maydonida tegishli ruxsat olgan holda bino-inshootlarni joylashtirgan. Agar u qo‘shnining yer maydoniga o‘tib ketgan holda bino qurganida, bu, tabiiyki, qo‘shnining huquqini buzish hisoblanar edi. Bunga esa qonuniy baho berilar edi. 

2020 yilning 11 oyida iqtisodiy sudlar tomonidan o‘zganing yer maydonida yoki o‘ziga tegishli bo‘lsa-da, tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarsiz qurilgan bino-inshootlarni buzish to‘g‘risida berilgan da’vo arizalarinng 391 tasi ish yuritishga qabul qilingan. 

Ularning 191 tasi bo‘yicha da’vo talablari isbotlanib, javobgarlar o‘zboshimchalik bilan bino-inshoot yoki qurilma qurganliklari tasdig‘ini topgan. Da’vo talablari qanoatlantirilgan holda, o‘zboshimchalik bilan qurilgan binoni buzish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. 

49 holatda esa da’vo talablari asossizligi, qurilgan bino tegishli ruxsat etuvchi hujjatlar asosida qurilgani aniqlanib, da’voni qanoatlantirish rad etilgan. 

Iqtisodiy protsessual kodeksining tegishli moddalariga asosan 87 ish bo‘yicha da’vo ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, 64 ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan. Qanoatlantirilgan ishlarning salmoqli qismi Toshkent viloyati (91 ish) va Jizzax viloyatiga (48 ish) to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, turli asoslarga ko‘ra yer maydonlari olib qo‘yilishi natijasida mulkdorlarga yetkazilgan kompensatsiya to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq 81 ish ko‘rib chiqilgan. Ular bo‘yicha mulkdorlarga 94 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovlari undirib berilgan.

2020 yil 11 oyida yer ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish yuzasidan 209 da’vo arizasi qabul qilingan. Ularning 114 tasida javobgarlar yer maydonidan maqsadsiz yoki samarasiz foydalangani, yer ijarasi shartnomasini bekor qilishga olib keladigan holatlarga yo‘l qo‘yilgani o‘z tasdig‘ini topgan va da’vo qanoatlantirilib, yer ijarasi shartnomalari bekor qilingan.

Sudda ko‘rilgan bu ishlarning 49 tasida esa tuman hokimliklari tomonidan asossiz da’vo qo‘zg‘atilgani tufayli da’voni qanoatlantirish rad etilib, fermer xo‘jaliklarining huquqi sudda  himoya qilingan. 

Qobiljon Komilov,

Oliy sud sudyasi.

O‘zA