Mulk egalarining yaqin hamkori
Milliy matbuot markazida “O‘zagromashservis” uyushmasi tizimidagi mashina traktor parklarini qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlashda ko‘rsatilayotgan imtiyozli lizing xizmatlarini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Milliy matbuot markazida “O‘zagromashservis” uyushmasi tizimidagi mashina traktor parklarini qishloq xo‘jalik texnikalari bilan ta’minlashda ko‘rsatilayotgan imtiyozli lizing xizmatlarini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.“O‘zagromashservis” uyushmasi raisi o‘rinbosari X.Qahhorov va boshqalar mazkur uyushma fermer va dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga keng qamrovli xizmat ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi texnikasiga servis xizmatlari ko‘rsatadigan ta’minot va ta’mirlash korxonalarida fermerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda bahorgi dala ishlarida qatnashadigan texnika vositalari va g‘alla o‘rish kombaynlarini mavsumiy dala ishlariga tayyorlash uchun 62 milliard so‘mlik ehtiyot qismlar, qishloq xo‘jaligi shinalari va boshqa turdagi moddiy-texnik resurslar yetkazib berildi. Bundan tashqari, yaqinlashib kelayotgan mavsumda g‘alla o‘rish kombaynlarining beto‘xtov ishlashini ta’minlash maqsadida 6,1 milliard so‘mlik ehtiyot qismlar zaxirasi yaratildi.
Uyushma tizimida mahalliylashtirish dasturi asosida yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Keys” g‘alla o‘rish kombaynlari uchun 400 turdan ortiq, «Magnum» haydov traktorlari uchun 100 turdagi yangi ehtiyot qismlar mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda. Mazkur qishloq xo‘jalik texnikalarini ta’mirlash va ularga servis xizmati ko‘rsatish uchun “O‘zKeysservis” qo‘shma korxonasi servis markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
“O‘zKeysservis” qo‘shma korxonasining viloyatlarda joylashgan bo‘limlari “Nyu-Xolland” g‘alla o‘rish kombaynlari, “TL 100” “TS 135”, “T-7060” haydov traktorlari, chigit ekish seyalkalari kabi yuqori unumli texnikalarni kafolatli tarzda ta’mirlab bermoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yil sayin qishloq xo‘jalik texnikalari sonining ortishi tuman MTPlar va “Agrotexservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining ta’mirlash va zamonaviy servis xizmatlariga talabni oshirmoqda. Jumladan, 2015-yilda ta’mirlash va ko‘rsatilayotgan servis xizmatlari hajmi 82 milliard so‘mdan oshgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 96 milliard so‘mdan ortishi kutilmoqda.
Anjumanda «O‘zagromashservis» uyushmasi tomonidan texnik xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishni yanada oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.