Prezidentimizning “Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatidan ham Bandixon tumanidagi "Omad" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Botir Rajabov “Shuhrat” medali hamda besh nafar ishbilarmon “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Termiz shahrida mukofotlarni o‘z egalariga topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tadbirkorlarni kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. Ularning yurt taraqqiyoti, Yangi O‘zbekiston ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini alohida qayd etdi.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida qariyb 25 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning 21 ming 53 tasi kichik korxona va mikrofirmalardir. Fidoyi,izlanuvchan tadbirkorlarning mehnati bilan vohada sanoat rivojlanib, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayib, bir-biridan muhtasham zamonaviy bino va inshootlar qad rostlayotir. Xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlashga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar aholi bandligini ta’minlab, yurt obodligi va xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.


Tantanali tadbirda viloyat hokimi "Shuhrat" medali va "Faol tadbirkor" ko‘krak nishonlarini o‘z egalariga topshirdi.

Marosimda so‘zga chiqqan faxriylar va tadbirkorlar mamlakatimizda keyingi yillarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samaralarini berayotganini ta’kidlab, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri