Andijonda Tadbirkorlar kuni munosabati bilan bir guruh faol, ilg‘or va tashabbuskor tadbirkorlarga mukofotlar topshirildi.
Andijonlik tadbirkorlarning ilg‘or vakillari qatnashgan tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, tadbirkorlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Tadbirkorlar kuni bilan muborakbod etdi.
Keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish masalalari davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangandi, xususan, tadbirkorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi.
Andijon viloyatida kichik va xususiy biznesni rivojlantirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi natijasida ushbu sohaning viloyat iqtisodiyoti rivoji, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini yuksaltirishdagi roli salmoqli ekanligi alohida qayd etildi.
Tadbirda Tadbirkorlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan unvon, orden, medal va «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlarga mukofot va nishonlar topshirildi.
–Tadbirkorlik borasidagi faoliyatim, mehnatlarim e’tirof etilib, “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganligimdan xursandman, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi “Xo‘jaobod Fayz-M» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Farhodjon Zokirov. – Mukofot menga kuch va shijoat bag‘ishlash bilan birga, zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Tadbirkorlik borasidagi ishlarim ko‘lamini yanada kengaytirishga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga astoydil harakat qilaman.
Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishini yuqori bosqichga ko‘tarish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, yurtimizning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bangdligini ta’minlashda tadbirkorlarning o‘rni va roli nihoyatda katta.
[gallery-24855]
–Korxonamizda asosan trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi, – deydi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Paxtaobod tumanidagi «The Besttex» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Shahzod Otabekov. – Ayni kunda mahsulotlarimizning asosiy qismi xorijga eksport qilinadi. Tadbirkorlik borasidagi kamtarona faoliyatim e’tirof etilganligidan xursandmman. Maqsadim yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishdir.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari