Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mukofot – xayrli ishlarga qanot
08:23 / 2025-08-29

Munosabat

Eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida muhtaram Prezidentimizning «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonlariga binoan kamina ham «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlanganim kamtarona xizmatlarimizning yuksak e’tirofi bo‘ldi.

Tarixi buyuk xalq buyuk kelajakni orzu qiladi. Bunday kelajakni esa Buyuk Yo‘lboshchi, oqil va dono siyosatchigina barpo eta olishini O‘zbekistonimizning so‘nggi 5-6 yillik tarixi misolida ko‘rib turibmiz. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor.

“Inson qadri uchun” degan hayotiy tamoyilga asoslanib olib borilayotgan islohotlar yurtimizda yashayotgan ko‘p millatli xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi. Bu ezgu tashabbusning ijobiy samarasini diniy sohada ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol natijasi – yurtimizda, shu jumladan, Toshkent shahrida qad rostlayotgan ko‘rkam masjidlar haqida alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Chunki bugun poytaxtimiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Zamonaviy va hashamatli imoratlarga mos tarzda bunyod etilgan masjidlarimiz uzukka qo‘yilgan ko‘zdek shahrimizga yarashib tushyapti. So‘nggi 7-8 yilda poytaxtimizda o‘nga yaqin masjid bunyod etildi, qayta ta’mirlandi.

Bu ma’rifat va ma’naviyat maskanlari sirasiga “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Oq uy”, “Rakat”, “Hasanxon qori” va yana ko‘plab qayta ta’mirlangan, yangidan barpo etilgan jomelarni kiritish mumkin. Masjidlarimizda tajribali imom-domlalarimiz xalqimiz mo‘min-musulmonlaring ma’rifatini, ma’naviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqdalar.

Shu bilan birga, har hafta reja asosida namozxonlarga qulay bo‘lgan namoz vaqtlarida dinimiz ta’limotiga zid ish olib borayotgan toifalarning buzg‘unchi qarashlariga qarshi raddiyalar berib borilyapti.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi asosida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarimiz o‘z natijalarini bermoqda. Adashib turli oqimlar ta’sirigi tushib qolgan yoshlarimiz imomlarimizning suhbatlaridan so‘ng xatolarini anglab yetmoqdalar. 

Zotan, Islom ma’rifat, ilm va ma’naviyat dinidir. Qur’oni karimda “iymon” so‘zi, uning hosilalari 811 marta zikr qilingan. Shuningdek, “ilm” so‘zi 782 marta, “ma’rifat” so‘zi 29 marta takrorlangan. “Ilm”, “ma’rifat” so‘zlarining sonini qo‘shsak (782+29), 811 bo‘ladi. Ya’ni, ilm, ma’rifat soni qancha bo‘lsa, iymon ham shunchadir.

Bu nima degani? Bu olimlargina chinakam iymon sohiblari bo‘lishlari, ulargina Allohdan tom ma’noda qo‘rqishlarini anglatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar» (Fotir surasi, 28-oyat), deb bejiz marhamat qilinmagan. 

Boshqa bir oyati karimada esa: «Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar surasi, 9-oyat), deyilgan.

Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deganlar. Demak, ulamoga ko‘rsatilgan ehtirom Payg‘ambarimiz alayhissalomga, u zotning muborak hadislarini bizgacha yetib kelishida katta xizmat Imom Buxoriy bobomizga, Imom Termiziy bobomizga ehtiromdir. Darvoqe, ordenning nomi ham «Imom Buxoriy» ekani bejiz emas. 

Davlatimiz Rahbarining diniy soha xodimlarini ordenlar bilan mukofotlaganlari – bu butun mo‘min-musulmonlarga qaratilgan e’tibor, e’zoz va ehtirom ramzidir. 

Bu mukofot bizni yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda, ayniqsa, diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi o‘zgarishlarda hurmatli Yurtboshimiz bilan yelkama-yelka turib xizmat qilishga chorlaydi. Inshoalloh, shu buyuk ishonchni oqlab, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizni odob-axloqli, yurtga muhabbatli qilib ulg‘ayishtirishda bor ilmu bilimizni, tajribamizni, g‘ayratimizni ayamaymiz.

Abduqahhor domla YUNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi,

«Imom Buxoriy» ordeni sohibi