English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Mukofot uyushtirgan” direktor jarima to‘lashga majbur bo‘ldi
17:25 / 2025-06-11

Asossiz ustamalar – 17 million so‘mlik jinoiy javobgarlikka olib keldi.

Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida jamoatchilikni hayratga solgan holat yuz berdi. 15 may kuni mahalliy maktab direktorining o‘qituvchilarga asossiz ravishda ustama to‘lashi fosh etildi. Ortiqcha “mukofot”lar davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgani aniqlangach, 9 iyun kuni direktor 17 million so‘m jarima to‘lashga majbur bo‘ldi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi ma’lum qildi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, direktor bir necha o‘qituvchiga huquqiy asoslarsiz ustama to‘lab, byudjet mablag‘laridan noqonuniy foydalangan. Sud uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (mol-mulkni o‘zlashtirish) va 209-moddasi (mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybli deb topdi.

Qamashi tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukm ijro uchun Byuroga kelib tushdi va direktordan jarima majburiy undirildi.

Mutaxassislar ogohlantiradi: ta’lim muassasalarida shaffoflik va mas’uliyat birinchi o‘rinda bo‘lishi shart. Ortiqcha to‘lovlar nafaqat moliyaviy, balki huquqiy oqibatlarga ham sabab bo‘ladi. Barcha rahbarlardan davlat mablag‘lariga nisbatan mas’uliyat bilan yondashish, har bir to‘lovni asoslash talab etiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri