Keyingi yillarda mamlakatimizda dehqon va fermerlar, hunarmand hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Qolaversa, odamlarning muammolarini hal etish, og‘irini yengil qilish, inson qadrini, mehnatini ulug‘lash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bugun inson mehnatiga bo‘lgan yuksak e’tiborni yana bir bor his etdim. Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Ko‘rsatilgan yuksak ishonch va e’tirof men uchun katta sharaf bo‘ldi.
Men rahbarlik qilayotgan “Burxon” fermer xo‘jaligi 1997 yilda tashkil etilgan. Keyingi bir necha yil davomida 40 nafardan ortiq doimiy va mavsumiy a’zolarimiz bilan 30 gektar maydonda g‘alla, 30 gektar maydonda paxta yetishtirish bo‘yicha dehqonchilik qilib kelamiz. Hozirda o‘zimizning zamonaviy haydov, chopiq va universal traktorlarimiz, ularga biriktiriladigan zarur vositalarimiz bor. Ushbu texnikalar ishimizni yengillatish bilan birga, ish unumdorligini bir necha barobarga oshirmoqda.

Joriy yilda g‘allaning har gektaridan 70 sentnerdan hosil oldik. 30 gektar maydonga Xitoyning “Xin Lu Zao 52” navli chigit urug‘i ekilib, mo‘l hosil yetishtirildi.
Muvaffaqiyatlarimiz zamirida faoliyatimizga ilg‘or ish uslublarini joriy etish muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, 24 gektar maydonga tomchilab sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Suv nasoslarini ishlatish uchun dala shiyponimizga quyosh paneli o‘rnatganmiz.
Shuningdek, xo‘jalik a’zolari bilan birgalikda xo‘jaligimiz joylashgan Olchazor mahallasidagi bir qator ehtiyojmand oilalarning turli muammolarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqdamiz.
Erishayotgan yutuqlarimizda xo‘jaligimiz jamoasining har bir a’zosi munosib hissa qo‘shmoqda. Qo‘lga kiritilayotgan natijalar zamirida ularning fidokorona va mashaqqatli mehnati mujassam. Shu bois menga berilgan mukofotni butun jamoamizga ko‘rsatilgan yuksak e’tirof, deb qabul qilaman.
Mehnatim munosib baholanganidan qalbimdagi quvonch tuyg‘ularini so‘z bilan ifodalash qiyin. Ertayu kech, tinmay qilingan mehnatlarim el-yurt va keng jamoatchilik orasida e’tirof etilayotgani men uchun katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Eng muhimi, odamlarga va yurtimga naf keltirayotganim, Vatan ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotganimdan faxrlanaman. Oddiy fermer uchun bundan ulug‘ maqsad bo‘lmasa kerak.
Ko‘rsatilgan yuksak ishonch menga yangi kuch va shijoat bag‘ishlab, zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Kelgusida ham Prezidentimiz ishonchiga munosib javob qaytarish, yurtimiz ravnaqi, qishloq xo‘jaligi rivoji va xalqimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida yanada fidokorona mehnat qilishga bor kuch-g‘ayratimni safarbar etaman.
Burxonjon Jabborov,
Baliqchi tumanidagi “Burhon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari.
O‘zA