Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, o‘z iste’dod va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda o‘tkazilayotgan qator ko‘rik-tanlovlar, san’at, sport festivallari yosh iste’dod sohiblarining kamol topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, iqtidorli va faol qizlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovi o‘tgan yillar davomida fan, ta’lim, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati yo‘nalishlarida yuzlab yosh iqtidor sohibalarini kashf etdi. Jumladan, o‘tgan yillar davomida birgina Andijon viloyatidan 32 nafar qiz ana shu yuksak mukofot sohibiga aylandi.
Ulardan biri karate bo‘yicha olti karra O‘zbekiston, ikki karra Markaziy Osiyo chempioni Durdona Qurbonovadir.
Durdona Qurbonova O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida gimnastika mutaxassisligi yo‘nalishida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini ham o‘zi tahsil olgan institutning Yakkakurash sport turlari fakulteti “Gimnastika nazariyasi va uslubiyati” kafedrasida o‘qituvchilikdan boshlagan.

Durdona hozirda Andijon davlat universiteti sport va san’at fakulteti o‘qituvchisi, murabbiy, Fakultetlararo jismoniy tarbiya va sport kafedrasi dotsenti sifatida sport va badiiy gimnastika yo‘nalishida talabalarga saboq beradi. Bugungi kunda uning shogirdlari, talabalari Universiada, Talabalar ligasi, “Besh tashabbus olimpiadasi” sport o‘yinlarining viloyat, respublika bosqichlarida, shuningdek, mamlakat chempionatlari, xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, universitetning sport va san’at fakulteti 1- bosqich talabasi Maftunabonu Ergashaliyeva o‘tgan yilning dekabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan “ALEM CUP-2024” xalqaro turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdi. Durdonaning bu kabi yutuqlarga erishayotgan shogirdlari safi esa yildan-yilga ortib bormoqda.

Amaliyot bilan nazariyotni teng olib borayotgan Durdona Qurbonova ilmiy yo‘nalishda ham qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. U 2021 yilda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining mustaqil izlanuvchisi sifatida “Yosh badiiy gimnastikachilarda fazo va vaqtni idrok etish yordamida maxsus koordinatsion qobiliyatlarni rivojlantirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bordi.
Faoliyati davomida sportni, xususan, badiiy gimnastikaning ommaviyligini oshirish, xotin-qizlar sportini rivojlantirish mavzusida respublika, xalqaro ilmiy jurnallar, matbuot nashrlarida uning 50 ga yaqin ilmiy-uslubiy maqolalari e’lon qilindi. Bundan tashqari, u mutaxassisligi bo‘yicha 3 ta o‘quv, 1 ta uslubiy hamda 1 ta elektron qo‘llanma yaratgan o‘z sohaning malakali mutaxassislaridan biridir.
– Men erishgan yutuqlarim uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo‘lga kiritgan yurtimizning eng baxtli qizlaridan biri bo‘lganman, – deydi Durdona Qurbonova. – Keyingi faoliyatimda ana shu mukofotga munosib bo‘lishga harakat qildim. Mukofot mas’uliyati hamisha meni olg‘a intilishga, yuksak marralar sari undagan. Asosiy maqsadim, samarali faoliyatim bilan yurtimiz sportini rivojlantirishga, malakali, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash, mahoratli sportchilar safini kengaytirishga munosib hissa qo‘shishdir. Ishonamanki, yosh sportchilarimiz kelgusida bizdan-da, ko‘proq yutuqlarga erishadi.
Sportdagi yutuqlari, samarali pedagogik faoliyati bilan ko‘plarga namuna bo‘lib kelayotgan Durdona Qurbonova shirindan-shirin farzandlarning mehribon onasi, ibratli oilaning baxtli bekasi hamdir. Bir so‘z bilan aytganda, qahramonimiz oilada, keng jamoatchilik orasida hurmat-e’tibor topgan yurtimizning ilg‘or, fidoyi va faol ayollaridan biri.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari