Sirdaryo viloyatida jamiyat va davlat hayotida faollik ko‘rsatib, turli sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan hamda mahalla va oila hayotida namuna bo‘lib xizmat qilayotgan 13 nafar xotin-qiz “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasida tantanali marosim tashkil etildi. Tadbirda taqdirlangan ayollar, jamoatchilik vakillari hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etishdi.

Marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari va Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva ishtirok etib, taqdirlanganlarga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Bu yilgi taqdirlanganlar orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Saodat” jurnalining Sirdaryo viloyati bo‘yicha muxbiri Xolida Pardaboyeva ham bor. “Saodat” jurnali mamlakatimiz xotin-qizlarining ijtimoiy-ma’naviy hayoti, oila va tarbiya masalalari, milliy qadriyatlar hamda jamiyatda ayollar faolligini targ‘ib etib kelayotgan nufuzli nashrlardan biri hisoblanadi.

Ko‘p yillik ijodiy faoliyati davomida Xolida opa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va faolligi, oila va mahalla mustahkamligiga bag‘ishlangan ko‘plab maqolalari bilan keng jamoatchilikka yaxshi tanish.
– Bu e’tirofni katta mas’uliyat va ishonch sifatida qabul qilaman. Jurnalist uchun eng katta baxt — xalq hayotidagi yangilanishlar, insonlar taqdiri va mehnatini xolis yoritish. Bunday mukofot insonni yanada faol ijod qilishga undaydi, – deydi Xolida Pardaboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri