Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mukarrama Turg‘unboyeva – milliy raqs san’atimiz fidoyisi
16:00 / 2023-04-11

Poytaxtimizda O‘zbekiston xalq artisti Mukarrama Turg‘unboyevaning 110 yillik yubileyiga bag‘ishlab press-konferensiya tashkil etildi.

Milliy raqs san’atimiz ustoz Mukarrama Turg‘unboyeva nomi bilan uzviy bog‘liqdir. Mukarrama Turg‘unboyeva 1913 yil 31 may kuni Farg‘ona vodiysida tavallud topgan. Ustoz san’atkor juda boy va ajoyib ijodiy hayot yo‘lini bosib o‘tgan.  

1957 yilda tuzilgan «Bahor» raqs ansambli O‘zbekiston dong‘ini butun dunyoga taratdi va dunyoning eng zo‘r raqs jamoalari qatoridan joy oldi. Bastakor Muhammadjon Mirzayev bilan birga yaratilgan «Bahor valsi» raqsi «Bahor» ansamblining o‘ziga xos ijodiy ramziga aylanadi va oltin meros turkumiga kiruvchi mangu asarlar qatoridan joy oladi. Mukarrama Turg‘unboyeva tomonidan yaratilgan «Tanovar», «Munojot» kabi raqs san’ati durdonalari XX asrning nodir raqslari turkumiga kirdi.  

Uzoq davom etgan ijodiy tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 4 fevraldagi tegishli qaroriga binoan «Bahor» ansambli qayta yaratildi. Ansambl qayta tiklangandan so‘ng, o‘zining ilk konsert dasturini 2021 yil 14 va 15 dekabr kunlari xalqimiz e’tiboriga taqdim etdi. So‘ng Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiya va Birlashgan Arab Amirligi sahna maydonlarida o‘zining konsert dasturlari bilan chiqdi.  

Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansambli barcha davlat tadbirlarida, konsertlar, musiqiy dasturlarda faol ishtirok etib kelmoqda.  

Press-konferensiyada ana shular haqida so‘z yuritildi. Mukarrama Turg‘unboyeva hayoti va ijodiga bag‘ishlangan qisqa videorolik namoyish etildi. Unda o‘zbek zamini farzandining katta sahna sari qo‘ygan ilk qadamlari, uning boy va betakror ijodiy hayoti aks ettirilgan.  

Press-konferensiyada «Bahor» ansamblining oxirgi uch yillik ijodi va tez orada bo‘lib o‘tadigan Mukarrama Turg‘unboyevaning yubileyiga tayyorgarlik jarayoni, xalqaro ilmiy konferensiya, chet ellik ansambllar ishtirokidagi konsert dasturi, raqqosa ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film va kitob nashri haqida batafsil ma’lumotlar berildi.    

N.Usmonova, O‘zA