Ona diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosiga xorijliklarning qiziqishi sababi nimada?
“Islom – tinchlik va ezgulik dini” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchisi Ibn Xaldun universiteti professori Muhyiddin Avvoma (Turkiya) bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Movarounnahr tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, islom madaniyatini o‘zida mujassam etgan eng buyuk diyorlardan biri ekaniga amin bo‘lamiz. Bu yurtdan yetishib chiqqan allomalar islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan olimlardir. Ular Qur’on, tafsir, hadisshunoslik va boshqa ilmlar qatori arab tili rivoji uchun ham xolis xizmat qilgan.
Bugunga kelib O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilmiy-tadqiqot markazlari, islom ilmlarini chuqur o‘rganuvchi ta’lim dargohlari tashkil etilgani islom ma’rifatini keng yoyishda, botil da’volardan ilmiy asoslar bilan saqlanishda muhim rol o‘ynaydi. Aslida dinni yuzaki o‘rganib yoki o‘rgatib bo‘lmaydi.
Islom ummati bugun dinga bo‘lgan munosabatda ehtiyot bo‘lishi, haqni botildan, ma’rifatni mutaassiblikdan farqlab olishi shart. Aynan shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” anjumanining ahamiyatini beqiyos deb bilaman. Chunki bu kabi tadbirlar yoshlarning aqliy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Bugungi globallashuv davrida aynan yoshlar orasida islomni noto‘g‘ri tushunish, uning asl mazmun-mohiyatini anglay olmaslik holatlari kuzatilmoqda. O‘ylaymanki, bu kabi anjumanlar sabab islomning naqadar mo‘’tadil din ekanini ochib berishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA