English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhtojlarga subsidiya ajratilmoqda, ammo nega subsidiya parametrlariga munosib uylar yo‘q?
18:41 / 2022-02-04

bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 35 milliondan oshgan va bu ko‘rsatkich 2026 yilga borib 38 millionni tashkil etishi taxmin qilinmoqda. Bu esa aholini uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji yildan-yilga oshayotganini anglatadi.

Shu boisdan mamlakatimizda muhtoj oilalarni ijtimoiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning uy-joy olishlari uchun subsidiya ajratilmoqda.

MUROJAATLARDAN...

Yurtdoshlarimiz tomonidan subsidiya bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

“...Uy-joyga ehtiyojim bo‘lgani uchun subsidiyaga ariza topshirdim. Menga subsidiya sertifikati topshirildi. Toshkent shahrida subsidiya parametrlariga to‘g‘ri keladigan uy-joylar qurilishi aytilgan edi. Ammo Toshkent shahar hokimligidan so‘rasak, bunday uy-joylar qurilmaganini aytishdi. Hafsalam pir bo‘lib, bir qancha xususiy uy-joy qurilish firmalarning subsidiya asosidagi uylarini surishtirdim. Ammo ular 3-4 barobar qimmat. Bundan tashqari, menga tavsiya qilingan uylarning aksariyati oxirgi qavatlardan ekan. Shu bois subsidiyaga uy-joy olish niyatidan qaytdim...”

Bu poytaxtimizning Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi Lobar Sattorovaning fikrlari edi.

Shu kabi murojaatlarga oydinlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri Toshkent shahar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Murod Toʻychiyev bilan suhbatlashdi.

– Fuqarolarimizning uy-joy uchun subsidiya olish maqsadidagi arizalari asossiz rad etilganini bildirmoqda. Komissiya a’zolari qanday talablar asosida fuqaroga baho beradi? Subsidiya berish mezonlar qanday?

– Subsidiya daromadi yuqori bo‘lmagan, uy-joyi yo‘q, ijtimoiy ahvoli og‘ir fuqarolarga davlat tomonidan qaytarib olinmaydigan mablag‘ hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 martdagi 182-son qaroriga ko‘ra, «Uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlangan.

Mazkur nizomga asosan komissiyalar tuzilgan va ular fuqarolarga baho beradi. Yig‘ilgan baho asosida ularga subsidiya ajratiladi. Fuqarolarimiz qandaydir xususiy korxonalarda ishlashini, tanish-bilishlari orqali yillik daromad soliqlaridagi ma’lumotlarni noto‘g‘ri taqdim etishlari bois arizalariga rad javobi beriladi. bugungi kunda subsidiya topshirish elektron tizimga o‘tganidan so‘ng bunday holatlarning oldi olinmoqda.

– Toshkent shahri misolida oladigan bo‘lsak, 2021 yil qancha fuqaro subsidiya olish uchun ariza topshirgan?

– 2021 yilda Toshkent shahrida byudjet parametri hisobidan 4 ming 500 ta oilaga subsidiyalar ajratish belgilangan. Ya’ni umumiy qiymati qariyb 275 milliard so‘m mablag‘ atrofida subsidiya ajratilishi belgilangan. 2021 yil yakuni bo‘yicha sarhisob qilib qaraydigan bo‘lsak, subsidiya olish bo‘yicha 14 mingdan oshiq fuqarolardan arizalar kelgan. Shundan 4 ming 377 ta fuqaroning arizasi qanoatlantirilgan. Hozirda 477 ta fuqaro amalda subsidiya sertifikatlarini olib, uy-joylar bo‘yicha xususiy pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar tuzgan. 477 ta xonadonga subsidiya mablag‘lari to‘lab berilgan.

– Qaysi sabablarga ko‘ra ariza beruvchi subsidiya olishda ustunlikka ega bo‘ladi? Qanday holatda ariza rad etiladi?

– Arizalar elektron tizimda tekshiriladi. Subsidiya bo‘yicha tushgan arizalar komissiya tomonidan o‘rganiladi. Komissiya tarkibi quyidagilardan iborat. Aholi va bandlikka ko‘maklashish mas’ul xodimlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi, tibbiyot xodimlari, ichki ishlar bo‘limi, tijorat banklari, soliq idora xodimlari hamda har bir tuman hokimining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi xodimi. Mazkur komissiya fuqarolarning arizalarini o‘rganib ball beradi. Fuqarolar komissiyadan 30 va undan yuqori ball yig‘sa, arizasi qanoatlantiriladi. 30 baldan kam bal to‘plagan fuqarolarning arizalari rad etiladi.

– 2022 yilda uy-joy olish uchun qancha subsidiya ajratildi?

– Toshkent shahrida 2022 yilda 4 ming 314 ta fuqaroga davlat byudjetidan 238 milliard subsidiya mablag‘i yo‘naltirilgan.

– Subsidiya mablag‘i egasi bo‘lgan ba’zi fuqarolar xarid qilmoqchi bo‘lgan uylari 3-4 barobarga qimmatga tushishini aytmoqda. Buni qanday izohlaysiz?

– bugungi kunda 400 million so‘mgacha bo‘lgan subsidiya sertifikatlarini olgan fuqarolar ham qabulga kelishgan. Sotib olmoqchi bo‘lgan uyim 400 million so‘m bo‘lsa, buni 20 yil to‘laydigan bo‘lsam, uyning narxi 700-800 million so‘mga chiqib ketar ekan, degan haqli e’tirozlar bildirishadi. Bu bo‘yicha fuqarolarga huquqiy tushunchalar beramiz. Masalan, subsidiya olgan fuqarolarga uy-joyning 15 foizli dastlabki badalining 10 foizi subsidiya sifatida to‘lab beriladi.

Daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki besh yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi. Subsidiyalar qurilgan (rekonstruksiya qilingan) yakka tartibdagi uy-joyning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanadi.

– Ko‘pchilik fuqarolar subsidiya asosida qurilgan uy-joylar yo‘qligini aytmoqda. bugungi kunda Toshkent shahrida subsidiya parametrlariga to‘g‘ri keladigan uy-joylar qurilganmi?

– Toshkent shahrida subsidiya parametri asosida uy-joylar qurilmoqda. Misol uchun "Golden House" kompaniyasi tomonidan subsidiya asosida qurilgan uylar shular jumlasidan. Prezidentimizning 2021 yilning 11 martida «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2021 yilda Toshkent shahrida 7 000 ta uy-joy qurilishi belgilangan edi. Ammo bugungi kunda Toshkent shahrida davlatimiz tomonidan subsidiya parametrlariga to‘g‘ri keladigan uy-joylar qurilmagan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi «Yangi O‘zbekiston massivlarini qurish» to‘g‘risidagi farmonlariga muvofiq, Toshkent shahrida 2022 yilda 1 ming 536 ta kvartiralardan iborat 24 ta ko‘p qavatli uy-joylardan tashkil topgan «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishi rejalashtirilgan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA