Sirdaryoda ijtimoiy himoyaga muhtoj, yakka yolg‘iz va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa, mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, jamiyatda esa o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qilyapti.
Ana shu ishlarning samarasida Sirdaryo viloyatida istiqomat qilayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 3 659 nafar fuqaroga o‘tgan yil va joriy yilning o‘tgan davrida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 4 mlrd 838 million 500 ming so‘mlik turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi.
1 mlrd 14 million 900 ming so‘m pul mablag‘i ular salomatligini tiklash, 2 mlrd 570 million 500 ming so‘m pul mablag‘i dori-darmon vositalari xaridi uchun yo‘naltirilgan bo‘lsa, 865 million 600 ming so‘mdan kiyim-kechaklar xaridi, 38 million 100 ming so‘mdan ko‘mir bilan ta’minlash, 55 million 700 ming so‘mdan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida foydalanildi.

– Amalga oshirilayotgan har bir islohot, har bir xayrli ish ortida, albatta, ehtiyojmand aholi qatlamining dardiga darmon bo‘lish, ularning muammolariga ijobiy yechim topish, hayot sifatini yaxshilashdek maqsad bor, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi katta yoshdagilar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash shu’basi mudiri Dilobar Kattabekova. – Chunki, asosiy maqsadimiz ham xalqni rozi qilish. Bu borada olib borilayotgan ishlar Sirdaryoda o‘z amaliy ifodasini topyapti.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 sentyabrdagi "Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlarida 535 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatga olinib, ularga 68 nafar ijtimoiy xodim biriktirildi.
Ushbu toifaga kirgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 61 nafar shaxsning uy-joyi moslashtirildi, 21 nafar shaxsning qarindoshlari va yaqinlari bilan aloqalarini tiklashga erishilgan bo‘lsa, 535 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 46 nafariga imtiyozli dori vositalari olib berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri