Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhtoj shaxslar protez moslamalari bilan vaucher asosida ta’minlanadi
13:32 / 2024-03-05

Bu Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Tadbirda o‘tgan hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, qonunchilikdagi yangiliklar, aholiga yaratib berilayotgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berildi.  

Mutaxassislar davlatimiz rahbarining “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdi.    

Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-maygacha davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlari 18 tadan 30 taga kengaytiriladi.  

2024-yil 1-maydan protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari  xaridi uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdorini bozor konyunkturasidan kelib chiqib o‘rtacha 3 baravargacha, ayrim vositalarning turlari esa 10 baravargacha oshiriladi.  

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez moslamalari va  reabilitatsiya vositalariga muhtojligi alohida tibbiy xulosa rasmiylashtirmasdan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma asosida  belgilanadi.  

Nogironlik guruhiga ega bo‘lmagan pensiya yoshidagi shaxslarning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojligi to‘g‘risidagi tibbiy xulosa “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimida rasmiylashtiriladi.  

2024-yil 1-maygacha Toshkent shahri va Samarqand viloyatida, 2024-yil 1-oktyabrgacha esa respublikaning barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida ta’minlash tartibi joriy etiladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Nogironlar jamiyati hamda Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” milliy-huquqiy axborot markazi mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda berilgan  savollarga mutaxassislar batafsil javob berdi.  

N.Abduraimova, O‘zA