Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhtasham qo‘shiq
11:45 / 2022-12-10

10 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Dunyoda bir qo‘shiq bor. Har tongni shu mo‘’tabar qo‘shiq bilan kutib olamiz. Kunni uning bilan birgalikda kuzatamiz. Maktab, ta’lim maskanlaridek muqaddas maskanlarda yangi o‘quv yili ayni shu qo‘shiq bilan boshlanib, u bilan tugallanadi. Uni hayajonlanmasdan kuylash mumkin emas. Bu O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasidir.

Vatanimizning Davlat madhiyasi o‘z taqdirini, orzu-umidlarini, farzandlarining yorug‘ kelajagini shu aziz diyor bilan vobasta ko‘rgan har bir inson uchun qadrlidir. Yuraklarga singib ketgan bu qo‘shiq jonajon O‘zbekistonimizning boy va betakror o‘tmishi, jahon tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz, muhtasham tariximizni o‘zida mujassam etgani bilan ahamiyatlidir. Ayni paytda madhiyamizda mustaqil O‘zbekiston, uning mehnatsevar va mehridaryo xalqining orzu-intilishlari, dadil maqsad-muddolari aks etgan, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

bugungi kunda eng nufuzli simpoziumlar, tantanali tadbirlar, anjuman va forumlar, xalqaro miqyosdagi sport musobaqalari aynan shu muazzam qo‘shiq bilan boshlanadi. Madhiyamiz barcha-barchaning tilida baland ohanglarda yangraydi. Negaki, uning har bir sarti yuraklardan joy olgan satrlardir.

Xo‘sh, nima uchun madhiyamiz qalbimizga bu qadar yaqin? Bu jihatlar madhiyamiz mualliflarining nechog‘li iste’dodi, Vatanga bo‘lgan mehri bilan bog‘liq bo‘lsa ajab emas.

Atoqli bastakor, "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni sohibi Mutal Burhonov o‘z taqdirida mustabid tuzumning zug‘um-zo‘ravonliklarini juda ko‘p ko‘rgan, undan aziyatlar  chekkan ijodkor edi. Tarixiy manbalardan ma’lumki, Mutal Burhonovning yaqinlari, akayu amakilari birin-ketin qatag‘onga uchragan, umri xazon bo‘lgan edi.  

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov millat qayg‘usi bilan yashagan, uning orzu-umidlarini,  shonli tarixini kuylagan barchamiz uchun qadrli, xalqparvar, xalqchil  ijodkor edilar.  

Demakki, mustaqillik, tinch va osoyishta  hayot, xalqing bunyodkorlik salohiyati, yorug‘ kelajagi, istiqboli  ustoz ijodkorlarimizning  doimiy o‘y-xayolini band etgan, umr mazmuniga aylangan edi. Bu muqaddas tushunchalar ularni bir lahza bo‘lsa-da, tark etamagan!

Bugun ona-O‘zbekistonimiz dunyoda yangilanayotgan davlat sifatida  tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda. Kurrai zamindagi barcha davlatlar qatori uning o‘zi yutuq va muvaffaqiyatlari, zafar yo‘llari bor.  Ulug‘vor madhiyamiz ortga qaytmas o‘zgarishlar, yangilanishlar, islohotlar shiddatini ham o‘zida ifoda etgani aniq! Bu muqaddas qo‘shiq bugun jahonning turli mamlakatlarida Prezidentimizning davlat tashrifida, xalqaro anjuman va musobaqalarda,  bir qator davlatlarda muvaffaqiyat bilan o‘tkazilayotgan "O‘zbekiston Respublikasi madaniyati kunlari"da yangramoqda. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi vazifasi, kasbi-kori, millati, dinidan qat’i nazar, barcha uchun muqaddasdir!  

Shundanmi, Vatanimizning madhiyasi bu qadar oddiy, dilga yaqin, ham o‘ta ulug‘vor, mangu, muhtasham!

Nazokat Usmonova, O‘zA