Bugungi kunning eng dolzarb masalasi ekologiya bo‘lib turibdi. Butun dunyo iqlim o‘zgarayotganidan xavotirda. Xususan, poytaxtimiz havosi ham havas qilarli holda emas. Xo‘sh, bunga qarshi choralar qo‘llanyaptimi? Albatta, mas’ullar mutaxassislar ko‘rsatmasi asosida ish olib borishmoqda. Aslida bunga har birimiz mas’ulmiz.
Bir narsa aniqki, muhokama bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Qachonki mulohaza qilsakgina natijaga erishmog‘imiz mumkin.
Avvalo, farzand tarbiyasida ahamiyat berishimiz lozim bo‘lgan omillar borki, inkor etib bo‘lmaydi. Ularda tabiatga muhabbat, jonivorlarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘lish kabi muhim ko‘nikmalarni shakllantirmog‘imiz zarur.
Negaki, ayni kunlarda ayrimlarning xazon yoqayotganlariga ko‘pchiligimiz guvoh bolmoqdamiz. Garchand, bu qonun buzilishiga olib kelishini bilsak-da, o‘zbekchilik yuzasidan ko‘z yumayotganlar ham afsuski talaygina. Biror sababga ko‘ra, qaysidir davlat tashkilotining daraxt kesganiga keskin e’tirozlar namoyish qilayotgan kishilar, nahotki tabiatni, insonlarni zaharlayotganlardan norozi bo‘lishmasa!?
Yomon illatlarni ehtimol butunlay yo‘qotib bo‘lmas. Ammo ularning keng ildiz otib ketishining oldini olish mumkin-ku. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, talabalar orasida ham hatto ustozlar oldida hali chekib tugatmagan sigaretasini ko‘cha yoqasiga tashlab ketayotganlari uchraydi. Ular maktab o‘quvchilari emaski, buning achinarli holligini kimdir uqtirsa.
Shunday ekan, har birimiz jamiyatning bir a’zosi sifatida o‘z xulqimiz, xatti-harakatimiz bilan bu kabi illatlarning kuchayib ketmasligiga qarshi kurashmog‘imiz talab etiladi.
Zero, buyuk mutafakkir bobomiz: “O‘z vujuding‘a tafakkur aylagil, Har ne istarsen o‘zingdin istagil” deya bejiz ta’kidlamagan.
Sherbek Islomov, O‘zA