Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar 5,2 foizdan 14 foizga yetkazildi
17:26 / 2024-05-24

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzidan so‘nggi 50 yilda hayvonlarning 100 dan ortiq turi, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yo‘lbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Mamlakatimizda o‘simlik dunyosining 15 mingga yaqin, hayvonot olamining 11 mingga yaqin xili mavjud.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida “Xalqaro bioxilma-xillikni saqlash kuni”ga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. 

— BMTning “Biologik xilma-xillik to‘g‘risida”gi Konvensiyasi dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan. O‘zbekiston 1995 yildan boshlab mazkur Konvensiyaga qo‘shilgan va biologik xilma-xillikni saqlash va mavjud muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni kengaytirish va yangilarini tashkil etishga oid bir qator majburiyatlarni olgan. O‘tgan davrda mamlakatimizda sohaga oid ko‘plab muhim qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, mamlakatda 2030 yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish hamda 10 yilga mo‘ljallangan biologik xilma-xillikni saqlash strategiyalari samarali amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat umumiy maydonining 14 foizini tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkich bundan 5 yil avval atigi 5,2 foizni tashkil etar edi. Jumladan, bugungi kunda O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimiga 8 ta davlat qo‘riqxonalari, 2 ta davlat biosfera rezervati, 3 ta milliy tabiat bog‘i, 10 ta davlat buyurtma qo‘riqxonalari, 6 ta tabiat yodgorliklari, 3 ta yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish bo‘yicha pitomniklar, respublika hududidan oqib o‘tuvchi 8 ta daryolarning suvni muhofaza qilish zonalari, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq joylari ro‘yxatga kiritilgan 4 ta ko‘l kiradi. Ushbu hududlarni asrab-avaylash bioxilma-xillikni saqlashga xizmat qiladi, — dedi T.Xojanazarov. 

Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda sayyoramizda biologik xilma-xillikning kamayishi kuzatilmoqda. Dunyoda tobora jadal olib borilayotgan sa’y-harakatlarga qaramay, biologik xilma-xillikni yo‘qotish jarayoni davom etmoqda. Bu esa aholi ayniqsa, yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni asrab-avaylash borasidagi ishlarni jadallashtirishni taqozo etadi. 

Muhokamalarda yashil bog‘larni ko‘paytirish, bioxilma-xillikni saqlash borasida fikr-mulohazalar bildirildi. 

M.Komilova, O‘zA