Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhim vazifalar ijrosi tahlil qilindi
09:56 / 2025-08-01

Namanganda “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ommaviy axborot vositalarida yoritilishi va uning ahamiyati” mavzusida bosma va elektron media vakillari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda viloyat hokimligi axborot xizmati bilan hamkorlikda tashkil etilgan muloqotda “Yuksalish” harakati Namangan viloyati bo‘limi rahbari, deputat Nargiza Muhammadiyeva strategiyaning mazmun-mohiyati, ustuvor yo‘nalishlari, kelgusi rivojlanishdagi o‘rni, qolaversa, bo‘lim tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, monitoring tahlil va ularning natijalari, uning ommaviy axborot vositalarida to‘g‘ri va ta’sirchan tarzda yoritilishi haqida to‘laqonli ma’lumot berdi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish hamda “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish kabi ustuvor yo‘nalishda 100 ta muhim istiqbolli maqsad-vazifa belgilangan.

Mazkur muhim maqsadlarga erishish uchun 500 banddan iborat davlat dasturi ishlab chiqilgan va ularning 174 bandi bevosita Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan bog‘liq. Dasturning qimmatli ahamiyati shundaki, unda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan aniq mexanizmlar ham ko‘rsatilgan.

 “Yuksalish” harakatining viloyat bo‘limi bir qator hamkor tashkilotlar bilan bamaslahat 2030 yilgacha bo‘lgan muddatga belgilangan istiqbolli maqsadlarni amalga oshirish yo‘lida rejali ish olib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida umumta’lim maktablarida amalga oshirilgan qurilish ishlari sifati, chekka hududlardagi aholini suv bilan ta’minlash, daraxt ekish, qon quyish aksiyalari, inklyuziv ta’lim samaralari o‘rganib tahlil qilindi. Aholiga transport xizmati qulayliklari yaratish, bekatlarning talabga mosligi masalalari qatorida chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish bilan bog‘liq kamchiliklar atroflicha o‘rganilib, mutasaddilarga tegishli tartibda tavsiya xatlari chiqarilgan.

Ochiq muloqot davomida strategiyaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy ahamiyati va uning media orqali keng jamoatchilikka yetkazish haqida fikrlar almashildi. Xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlari chiqindilarni olib ketish, suvni tejash bilan bog‘liq harakatlardagi sustkashliklar bo‘yicha bahs-munozaraga kirishdi. Ayniqsa, “Toza hudud” korxonasi, “Musaffo iqlim” mas’uliyati cheklangan jamiyatning xizmat ko‘rsatish quvvati pastligidan aholi noroziligi qayd etildi. 

Jurnalist va blogerlar tomonidan “Yuksalish” harakati Namangan viloyati bo‘limi faoliyati qo‘llab-quvvatlangan holda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad-vazifalarni amalga oshirishda dolzarb bo‘lib turgan masalalarga yechim topishda hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan ijodiy rejalar belgilab olindi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.