Andijon viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunga kelib, korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga tahdid solayotgan illat sifatida butun xalqimizni jiddiy tashvishga solmoqda. Shu bois, yurtimizda korrupsiyaning oldini olish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning 5 mart kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa ekanligi, har bir yurtdoshimiz ushbu illatning oldini olish va bartaraf etilishiga befarq qaramasligi, bu ishdan chetda turmasligi lozimligi ta’kidlanib, mazkur yo‘nalishda muhim vazifalar belgilangandi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, Andijon viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tomonidan bu borada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, muhim vazifalar belgilab olindi.
[gallery-23032]
– Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar, targ‘ibot tadbirlari olib borilayotganligiga qaramasdan korrupsion holatlar bilan bog‘liq salbiy holatlar qayd etilayotganligi bizni yanada faol ishlashimiz zarurligini taqozo etadi, – deydi Andijon viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi raisi, senator O‘ktamjon Oxunov. – Qolaversa, Prezidentimizning Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi topshiriqlari, belgilab bergan vazifalari, ayniqsa, biz – hududiy kengash a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, har bir hudud va sohada bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, samaradorligini oshirish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim.
Yig‘ilishda Andijon viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining 2025 yilga mo‘ljallangan ish rejasi, shuningdek, Xo‘jaobod tumanini korrupsiyadan xoli hududga aylantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini tashkil etish”, “Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish”, “Korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil qilish” singari qator yo‘nalishlarda kengash a’zolaridan iborat Ishchi guruhlar shakllantirilib, vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi, mazkur yo‘nalishdagi muhim vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari