Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhim tashabbuslar yoshlarning qiziqishlariga mos shaklda amalga oshirilmoqda
10:47 / 2025-11-07

Bugungi globallashuv va texnologiyalar asrida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini to‘liq namoyon etish mamlakatimiz taraqqiyotining eng muhim jihatlaridan biri. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” yoshlarning ma’naviy, jismoniy va intellektual rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Zamon o‘tgan sari bu tashabbuslarni adaptiv, ya’ni zamonaviy sharoit va yoshlarning qiziqishlariga mos shaklda amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Birinchi tashabbus yoshlarni madaniyat, san’at va adabiyotga jalb etishni ko‘zda tutadi. Adaptiv yondashuvda bu yo‘nalishda raqamli san’at, grafika dizayni, kontent yaratish, onlayn ijod platformalari kabi yo‘nalishlar keng rivojlanmoqda. Bu orqali yoshlar nafaqat an’anaviy, balki zamonaviy san’at turlarini ham egallab, ijodiy fikrlashni o‘rganmoqda.

Ikkinchi tashabbus yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga chorlasa, adaptiv shaklda bu onlayn sport dasturlari, fitnes ilovalari, motivatsion videolar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi raqamli loyihalar orqali amalga oshirilmoqda.

Uchinchi tashabbus yoshlarni IT sohasiga jalb etishga qaratilgan. Hozirda adaptiv shaklda dasturlash, sun’iy intellekt, kibermuhofaza, dizayn va raqamli marketing bo‘yicha o‘quv kurslari keng yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashiga zamin yaratmoqda.

To‘rtinchi tashabbus yoshlar o‘rtasida kitob o‘qish madaniyatini keng targ‘ib etadi. Bugungi kunda audiokitoblar, e-book platformalar, onlayn kutubxonalar va virtual kitob klublari orqali o‘qishga bo‘lgan qiziqish yanada ortmoqda. Bu — tashabbusning eng samarali adaptiv ko‘rinishlaridan biri.

Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularni kasb-hunar o‘rganishga jalb etishga qaratilgan. Zamonaviy adaptiv yondashuv orqali masofaviy o‘qitish, onlayn kurslar, frilancing imkoniyatlari yaratilib, ko‘plab ayollar iqtisodiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etmoqda.

Mazkur tashabbuslar yoshlarning qiziqishi, texnologik savodxonligi va ijodkorligini oshirish orqali jamiyatimizda faol, bilimli va vatanparvar avlodni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Qisqa fursatda mamlakatimizda adaptiv sport yo‘nalishiga qiziqadigan alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun maxsus musobaqalar tizimi – “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport o‘yinlari joriy etildi.

Joriy yilning 2-5 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da kar va zaif eshituvchi bolalar maktab-internatlari, “Nurli maskan” maktablari, tayanch-harakat tizimi buzilgan bolalar hamda aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 9-11-sinf o‘quvchilari uchun “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport o‘yinlari tashkil etildi.

Matonat va iroda sohiblariga chinakam sport bayramini tuhfa etgan bellashuvlarda Toshkent viloyati vakillari munosib natijalarga erishdi. Qiziqarli kechgan musobaqalar yakunida viloyatdagi maxsus maktab-internatlarining 20 nafar o‘quvchisi 5 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

Ushbu natija Toshkent viloyatining irodali sportchi yoshlarida o‘z kuch va iste’dodiga, ertangi kunga ishonchni oshirdi. Bu g‘alaba, bu ishonch iroda sohiblari qalbida sog‘lom turmush tarziga, sport mashg‘ulotlariga mehrni oshirish bilan bir qatorda, Vatan taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish istagini jilolantirsa, ne tong.

Davron VAHOBOV,

Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi 

Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i o'rinbosari.

Ozoda AKBAROVA,

Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi 

Toshkent viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi