O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati Kengashida “Kasaba uyushmalari tizimidagi boshlang‘ich tashkilotlar, viloyat, shahar va tuman Kengashlarida o‘tkazilgan hisobot-saylov yig‘ilishlari hamda viloyat Kengashi Konferensiyasiga tayyorgarlikning borishi” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yil kasaba uyushmalari tizimida hisobot-saylov yili sifatida e’lon qilingan bo‘lib, Federatsiyaning Navoiy viloyat Kengashida ham ushbu muhim jarayon doirasida keng ko‘lamdagi ishlar olib borildi.

– Federatsiya Bosh Kengashining “2025 yilda hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, barcha tuman va shaharlarda, tarmoqlarda hisobot-saylov jarayonlari tashkil etildi, – dedi viloyat Kengashi raisi Nazira Tog‘ayeva. – Yanvar oyida tashkil etilgan o‘quv-seminarlarda 1400 nafardan ortiq boshlang‘ich tashkilot rahbarlari va faollari ishtirok etdi. Fevral-aprel oylarida esa viloyatimizda 1540 ta boshlang‘ich tashkilotda hisobot-saylov yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda umumiy hisobda 69 ming 872 nafar xodim faol ishtirok etdi. Tahlillarga ko‘ra, tashkilotlarda saylangan raislarning 68,8 foizi oliy ma’lumotli, 69,8 foizi 30-50 yosh oralig‘ida, 50,8 foizi pedagog mutaxassislar, 38,7 foizi xotin-qizlardan iborat. Shuningdek, 213 nafar rais ilk bor saylandi. May oyida esa tarmoqlarning shahar, tuman va viloyat tashkilotlari, birlashgan qo‘mitalar o‘z hisobotlarini taqdim etdi. Bu jarayondagi fikr va takliflar esa keyingi besh yillik faoliyatimizning strategik yo‘nalishlarini belgilashda asos bo‘ladi.

Matbuot anjumanida joriy yilning 7 iyul kuni Navoiy shahridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashining IX Konferensiyasi haqida ham qisqacha ma’lumot berildi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri