Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhim mavzular mutaxassislar e’tiborida
17:48 / 2025-12-15

Toshkent viloyati sudi tomonidan aholi salomatligi va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim mavzulardan biri – shaxsni g‘ayriixtiyoriy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish va bu jarayonning huquqiy mexanizmlariga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbirda sog‘liqni saqlash muassasalari, prokuratura, ichki ishlar organlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi vakillari, viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati hamda tumanlararo sudlar sudyalari ishtirok etdi. 

Ta’kidlanganidek, shaxsni majburiy ravishda psixiatriya muassasasiga yotqizish jarayoni nafaqat tibbiy, balki huquqiy va ijtimoiy ahamiyatga ega. Bu borada sud hujjatlarining ijrosini ta’minlash, elektron hujjat almashinuvini takomillashtirish va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish asosiy masalalardan biri sifatida belgilab berildi. 

Amaldagi qonunchilikka asosan ushbu toifadagi ishlarni prokuror ishtirokida ko‘rib chiqilishi belgilangan va bundan ko‘zlangan maqsad ham shaxsning malakali tibbiy xizmatga bo‘lgan huquqini ta’minlash va uning huquqlarini asossiz cheklash holatlarini oldini olishga qaratilgan. Shu sababli seminarda Toshkent viloyati prokuraturasi mutaxassislari o‘z fikr-mulohazalari bilan faol qatnashdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan ekspertlar ma’ruzalari tinglandi. 

Unda shaxsni majburiy tartibda psixiatriya statsionariga yotqizish ishlari sudlarda qay tartibda ko‘rib chiqilishi va bu jarayonning o‘ziga xos huquqiy jihatlari haqida ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, bunday yotqizish tibbiy yordamning maxsus turi bo‘lib, faqat shifokorlar xulosasi va qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi. Sud tomonidan ishlar o‘n kunlik muddatda, qonuniy vakil, shifokor-psixiatr, prokuror va muassasa vakillari ishtirokida ko‘rib chiqiladi. 

– Seminarda ishtirokchilar, ayniqsa, tibbiyot muassasalari vakillari ayrim savollar bilan murojaat qildi. Muhokamalar asosan amaldagi tartiblarni takomillashtirish, idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va fuqarolar huquqlarini ta’minlash mexanizmlarini yanada shaffof qilish masalalariga qaratildi, – deydi Toshkent viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Nilufar Akbarova. 

A.Musayev, O‘zA.