Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi hamda O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy Kengash deputatlari, partiya shahar Kengashi a’zolari, mas’ul xodimlari hamda mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishni deputatlik guruhi rahbari Jonibek Matniyozov olib bordi.
Yig‘ilishda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro shahar bo‘linmasi tomonidan 2025 yilning o‘tgan davri davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Ushbu masala bo‘yicha shahar bo‘linmasi rahbari Aziz Hakimovning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, bo‘linma tomonidan o‘tgan davr mobaynida Buxoro shahrida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 205 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, 16 ta ijodiy kecha, 96 ta kitobxonlik aksiyalari va yarmarkalari, 123 ta “Kinokarvon” doirasida milliy kinofilmlar namoyishi, 26 ta Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi tadbirlar, 16 ta aholi o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan va boshqa ko‘plab dolzarb mavzularda targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimizning 2023 yil 12 iyundagi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ushbu boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Uchqun Xudoyorovning axboroti tinglandi.
Hozirda, Buxoro shahrida va viloyat tumanlarida usta-shogird an’anasini davom ettirgan holda shogirdlarga hunar sirlari o‘rgatilmoqda. Jumladan, “Zardo‘zlik” yo‘nalishida Buxoro tumanida Shoira Idiyeva, Firuz Ne’matov, Kursiya Qahhorova, Saodat Yodgorova tomonidan zardo‘zlikning yo‘qolib borayotgan zamindo‘zi yo‘nalishi shogirdlariga o‘rgatilmoqda.

“Chini fayans va sopol buyumlari” bo‘yicha Buxoro shahar va G‘ijduvon tumanida kulollar ish joyida hamda uyida kulolchilik maktablari tashkil qilingan. Buxoroning eski shahar hududida faoliyat olib borayotgan Fozil Shodiyev, Salim To‘layev, Rashid Jo‘rayev tomonidan ibratli ishlar olib borilmoqda. G‘ijduvonlik Alisher Narzullayevning kulolchilik markazlarida kasb o‘rgangan 60 dan ortiq shogirdlar o‘zlari mustaqil ravishda usta-shogird o‘quv kurslarni tashkil qilib bugungi kunda 70 nafar yoshlarga kulolchilik sirlarini o‘rgatmoqda.
Yig‘ilishda mahalliy hunarmandlarni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor berish zarurligini, umumta’lim maktablari bilan mahalliy hunarmandlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilishi lozimligini, bu boradagi faoliyatni barcha bilim dargohlarida doimiy yo‘lga qo‘yilishini, turli ko‘rik-tanlovlarning g‘oliblarini aniqlashda badiiy Kengashlarning ta’sir kuchini oshirish zarurligi ham qayd etildi.
Shuningdek, joriy yil davomida partiyaviy va deputatlik faoliyatida alohida o‘rnak ko‘rsatgan faol xalq vakillariga partiya shahar Kengashining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.