Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhim dasturilamal hujjat – tarixiy burilish nuqtasi sifatida...
14:51 / 2022-09-23

SHHT Samarqand sammitini mamlakatlarning o‘ziga xos hamkorligini ta’minlashga qaratilgan tarixiy burilish nuqtasi sifatida baholash mumkin.

Sammitda aniq maqsad va manfaatlarni o‘zida mujassam etuvchi 44 ta tarixiy hujjat imzolandiki, SHHT tashkil etilganidan buyon bunday ko‘p sonli formatdagi hujjatlar qabul qilinmagan edi. Mazkur hujjatlar ichida Samarqand deklaratsiyasi muhim ahamiyatga ega.

Xo‘sh, deklaratsiya nima, uning tuzilishi, mazmuni, mohiyati, ahamiyati va boshqa xalqaro hujjatlardan farqli jihatlari nimalardan iborat?

Deklaratsiya (lot. declaratio – ma’lum qilaman, e’lon qilaman) — bu bir yoki bir necha hukumat, siyosiy partiyalar, xalqaro yoki jamoat tashkilotlarining dasturiy hujjat, muhim xalqaro voqea, qonun va hokazolarni keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazuvchi bayonoti, umumsiyosiy prinsiplarni tantanali ravishda e’lon qilishdir.

Samarqand deklaratsiyasi ham dasturiy hujjat hisoblanadi.

Buning isboti sifatida Samarqand deklaratsiyasi SHHTning rasmiy veb-saytiga (http://rus.sectsco.org/politics/) darhol joylashtirilganligini e’tirof etish lozim.

SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan imzolangan Samarqand deklaratsiyasining quyidagi asosiy jihatlari orqali uning mazmun-mohiyatini yanada yaqqol anglab yetamiz.

Birinchi jihat – deklaratsiyada bugungi kunda dunyo jadal rivojlanish va keng ko‘lamli o‘zgarishlarning yangi davriga qadam qo‘yar ekan, global o‘zgarishlarni boshdan kechirayotganligi, mazkur fundamental jarayonlar ko‘p qutblilikning mustahkamlanishi, o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishi, axborotlashtirish va raqamlashtirish sur’atining jadallashuvi bilan birga kechayotganligi, ushbu fonda xalqaro chaqiriq va tahdidlarning zamonaviy tizimi yanada murakkablashayotganligi, yangi mahalliy mojaro va inqirozlar paydo bo‘layotganligi ta’kidlangan.

Shuningdek, unda texnologik va raqamli tafovutning o‘sishi, jahon moliya bozorlarining turbulentligi, investitsiya oqimlarining global qisqarishi, ta’minot zanjirlarining beqarorligi, proteksionistik choralarning kuchayishi va xalqaro savdodagi boshqa to‘siqlar jahon iqtisodiyotida beqarorlik va mavhumlikni kuchaytirayotganligiga e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, deklaratsiyada global iqlim o‘zgarishi va davom etayotgan SOVID-19 pandemiyasining oqibatlari iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy farovonlik va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish uchun qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotganligi qayd qilinib, ushbu muammolarni bartaraf qilish maqsadida yanada adolatli va samarali xalqaro hamkorlik hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish uchun yangi yondashuvlar talab etilishi bayon qilingan.

Ikkinchi jihat – SHHT Xartiyasida belgilangan asosiy maqsad va vazifalarga sodiqligi ifodalangan. Unda SHHTning turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqligi, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilishi, ichki ishlarga aralashmasligi, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymasligi deklaratsiyada ifodalangan.

Uchinchi jihat – deklaratsiya SHHTning Samarqand sammiti doirasida qabul qilingan deyarli barcha hujjatlarning mazmun-mohiyatini, ahamiyatini o‘zida mujassam etgan. Xususan, SHHTga a’zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichiligi, do‘stligi va hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini 2023–2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks harakatlar rejasi, SHHTga a’zo davlatlarning o‘zaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» va boshqalar o‘z aksini topgan.

To‘rtinchi jihat – SHHTga O‘zbekiston Respublikasi raislik qilgan davrda mamlakatimizda o‘tkazilgan 18 ta xalqaro uchrashuv, kengashlar va forumlar ahamiyatiga alohida urg‘u berilgan. Jumladan, 2022 yil 12 mayda Xiva shahrida SHHTga a’zo davlatlar transport vazirlari to‘qqizinchi kengashi yakunlari qo‘llab-quvvatlanib, davlat rahbarlari tomonidan O‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha konsepsiya tasdiqlangani ta’kidlangan.

Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvi, mudofaa va sanoat vazirlari kengashlari, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashuvchi vakolatli organlar rahbarlari kengashi, kambag‘allikni qisqartirish masalalari hamda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar rahbarlarining birinchi uchrashuvlari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro konferensiya, SHHT Yoshlar kengashi majlisi va Ayollar forumi, ayol tadbirkorlar konferensiyasi yakunlariga ijobiy baho berilgan.

Beshinchi jihat –O‘zbekiston Respublikasi SHHTga raislik qilgan 2021–2022 yillar yakuniga yuqori baho berilib, bu davr keng qamrovli o‘zaro manfaatli hamkorlik yanada rivojlanishiga xizmat qilganligi ta’kidlangan.

Oltinchi jihat –O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tinchlik va barqarorlikni, keng xalqaro hamkorlikni ta’minlash hamda insoniyatning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan «Umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlikka qaratilgan Samarqand tashabbusi” qo‘llab-quvvatlanishi alohida ta’kidlangan.

Yettinchi jihat – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi» kitobi, 2022 yil 12 sentyabrda e’lon qilingan va BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida chop etilib, tarqatilgan “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik» konseptual maqolasi, SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi va kengaytirilgan majlisidagi nutqlarida ilgari surilgan g‘oyalar, takliflar va tashabbuslar deklaratsiyada o‘z ifodasini topib, uning o‘zagini tashkil qilganligini e’tirof etish lozim.

Xulosa qilib aytganda, Samarqand deklaratsiyasida bayon qilingan maqsad va vazifalar, dasturiy yo‘l-yo‘riqlar, ko‘rsatmalar hamda unda muhrlangan tashabbuslarni amalga oshirish nafaqat SHHTga a’zo davlatlar, balki jahonda tinchlik, xavfsizlik, barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, yangi demokratik, adolatli, oqilona siyosiy va iqtisodiy xalqaro tartibni barpo etishga ko‘maklashish maqsadida ko‘p tarmoqli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.



Foziljon Otaxonov,

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament

tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor