Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Unda oliy ta’lim tizimini tubdan yangilash, muhandislik salohiyatini yuksaltirish hamda ilm-fanni iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan uzviy bog‘lash masalalari strategik ahamiyatga ega vazifalar sifatida belgilab olindi. Mazkur yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimizning raqobatbardosh salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Murojaatnomada ta’lim sohasiga doir aniq vazifalar belgilab berildi. Xususan, oliy ta’limni iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlari bilan uyg‘unlashtirish, muhandislik va texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda amaliy ko‘nikmaga ega raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash davlatning uzoq muddatli maqsadlari sifatida qayd etildi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, sanoat, energetika, transport, qurilish va raqamli iqtisodiyot sohalarida yuqori malakali muhandis kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim qamrovi sezilarli darajada kengaydi. Xususan, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 42 foizga yetdi. Mazkur o‘sish nafaqat talabalar sonining ortishi, balki ta’lim sifati, o‘quv dasturlarining mazmunan yangilanishi hamda bitiruvchilarning amaliy tayyorgarligiga bo‘lgan talabning oshishiga ham olib kelmoqda. Shu ma’noda, muhandislik yo‘nalishlarida o‘quv rejalarining kamida 50 foizini amaliy mashg‘ulotlar tashkil etishi ustuvor vazifa etib belgilandi.
Murojaatnomada muhandislik, texnik va IT yo‘nalishlari mamlakat iqtisodiy o‘sishining asosiy drayveri sifatida alohida e’tirof etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 40 dan ortiq texnika va texnologik yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda. Ularda tayyorlanayotgan kadrlar sanoatni modernizatsiya qilish, import o‘rnini bosish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Andijon davlat texnika instituti jamoasi Prezident murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni o‘z faoliyatining dasturiy asosi sifatida qabul qiladi. Institutda muhandislik, energetika, mashinasozlik, transport, axborot texnologiyalari va avtomatlashtirish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quv jarayonlari ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqilmoqda. Sanoat korxonalari bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimini joriy etish, talabalarning ishlab chiqarish amaliyotini real ish joylarida o‘tashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, institutda ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va ishlab chiqarish bilan bog‘lash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, energiya tejamkor texnologiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, raqamlashtirish, avtomatlashtirish va intellektual boshqaruv tizimlari bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar iqtisodiyot tarmoqlari uchun amaliy ahamiyat kasb etmoqda.
Murojaatnomada yoshlarga bo‘lgan ishonch va ularning intellektual salohiyatiga tayanish g‘oyasi oliy ta’lim muassasalari faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Shu asosda institutda talabalarni startap loyihalar, innovatsion g‘oyalar va muhandislik yechimlari ustida ishlashga jalb etish, yosh olimlar va iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi izchil rivojlantirilmoqda.
Ishonch bilan ayta olamanki, Prezidentimiz murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar oliy ta’lim tizimi, ayniqsa, muhandislik sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Andijon davlat texnika instituti jamoasi ushbu maqsadlarni amalga oshirishda o‘zining ilmiy, pedagogik va innovatsion salohiyatini to‘liq safarbar etadi.
Umid Turdaliyev,
Andijon davlat texnika instituti rektori,
texnika fanlari doktori, professor.
O‘zA