Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhandislik sohasini amaliyot bilan innovatsion takomillashtirish – iqtisodiyot barqarorligi garovi
13:27 / 2024-06-22

Munosabat

Muhandislik – o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan sohalardan bo‘lib, u takomillashgan har bir jabhada, mamlakat nafaqat texnologik, balki iqtisodiy barqarorlik jihatdan ham jadal taraqqiy etib kelgan.

Joriy yilning 20 iyun kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videoselektor yig‘ilishi jahon iqtisodiyoti raqobati sharoitida strategik ahamiyatga ega muhandislik sohasini rivojlantirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Shu o‘rinda rivojlanish tarixiga uzoq vaqt bo‘lmagan kunchiqar yurt – Yaponiyani misol tariqasida oladigan bo‘lsak, hech qanday tabiiy resurslari yo‘q davlat, turli muhandislik ishlanmalari, nou-xaulari bilan bugun dunyoning eng rivojlangan davlatiga aylandi. Buning zamirida yuqori sifatli muhandislik ta’limi va amaliyoti yotibdi.

Xo‘sh, yuqori muhandislik, deganda nimani tushunamiz? Bir so‘z bilan aytganda, kechagi muhandis bilan bugungi muhandisning o‘rtasida katta farq bor. Kechagi muhandis mavjud predmetlarni o‘zaro biriktirib, uning ishlashini nazorat qilgan bo‘lsa, bugun Muhandislik oliy maktablarida yetishtirilayotgan kadrlar zamonaviy texnika-texnologiya, IT va yuqori formatlardagi murakkab operatsiyalarni amalga oshira oladigan, innovatsion robototexnologiyalarni yaratayotgan, sohaga ijodkorlik bilan yondashuvchi ixtirochilar va yetuk muhandislar hisoblanadi.

So‘nggi yetti yillikda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholi farovonligini oshirish, daromadli ish o‘rinlari yaratish, mahalliy mahsulotlarni xomashyo sifatida emas, balki «ipidan - ignasigacha» tayyor mahsulot sifatida xalqaro bozorlarga eksport qilish maqsadida salmoqli investitsiyalar kiritilib, yiliga 3 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilishiga erishildi. Natijada tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligi mahsuloti arzon narxda chetga eksport qilinib, tayyor tovar sifatida qimmat narxda import qilinishining oldi olinmoqda.

Bunday industrial islohotlar natijasida taxminan 150 ming ish o‘rni tashkil qilinib, klasterlar, kooperatsiyalar va qo‘shma korxonalar soni hamda hajmi kengayib, qo‘shimcha qiymat yaratilmoqda. O‘tgan to‘rt yilda 1 ming 727 ta amaliy, innovatsion, fundamental va startap loyihalarga 2,2 trillion so‘m yo‘naltirilib tadqiqot, tajriba-konstruktorlik uchun xarajatlar 2 barobar ko‘tarilgani e’tirof etildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, joriy yilda 21 trillion so‘mlik davlat investitsiya loyihalari ishlab chiqarishga yo‘naltirilib, 37,5 milliard dollarlik xorijiy va hududiy investitsiya loyihalari ishga tushirilishi belgilangan. Shu sababli oliy ta’lim muassasalari oldiga nazariya va amaliyotni bir vaqtda birlashtirib olib borish ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi. 

Ilgari oliy ta’lim muassasalarida ishlab chiqarish o‘z bo‘larchilikka kelib qolgandi, aytaylik, qabul jarayonlari o‘sha mutaxassislik kerakmi yoki yo‘q, uni hech kim tahlil qilmasdan kvota chiziqlari o‘rtacha o‘lchamda taxminan chizib berilardi. 

Endi unday bo‘lmaydi, ya’ni qabul jarayonlarini mahalliy hokimliklar, investorlar bilan kelishilgan holda belgilab olish chora-tadbirlari bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu borada tizimli ishlar endi boshlangani sababli, hali natijalar kutilganidek emasligini davlatimiz rahbari tanqidiy baholab, oliy o‘quv yurtlari bilan sanoat o‘rtasida uzilish borligini qayd etdi. O‘ylaymizki, bu borada rektorlar tegishli xulosalar chiqarib, zudlik bilan amaliy ishlarni kuchaytiradi.

Bugungi kunda texnologik rivojlanishga davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida qaralib, qator qarorlar, farmonlar qabul qilinishi barobarida tadqiqot, tajriba-konstruktorlik xarajatlari 2 barobar ortdi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu mablag‘larning 41 foizi davlat ulushi bor korxonalarga, 34 foizi xususiy sektorga va 25 foizi oliygohlarga to‘g‘ri kelgani oliy ta’lim muassasalarida muhandislik sohalari bo‘yicha ishlar hali orqada ekanini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, buning sababi, oliygohlar fundamental tadqiqotlar o‘tkazish bilan cheklanib, iqtisodiyot uchun amaliy ishlanmalar juda kam joriy qilinganidir. Oliy ta’limda bor kuch ta’lim sifatini oshirishga qaratilib, amaliyot bilan ishlab chiqarish integratsiyasiga e’tiborsiz qaralgani, xatolarimizni yaqqol ko‘rsatib berdi.

Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan muhandislik yo‘nalishida yuzlab startap va innovatsion loyihalar amalga oshirilmay kelayotgani, oliygoh bilan sanoat o‘rtasida uzilish borligi, rektorlar korxonalarga borib, yangi texnologiyalar bilan tanishmayotgani, uskuna va dastgohlarni o‘rganmayotgani, hokim va vazirlar esa o‘rtada ko‘prik bo‘lib, buni tashkillashtirmayotgani tanqid qilindi va uning yechimlari ko‘rsatib berildi.

Oliy ta’limdagi 36 ta davlat oliygohida muhandislik yo‘nalishida 264 ming bakalavr, 3 ming magistr o‘qib, yiliga 67 ming nafar talaba bitirmoqda. Ammo ayni paytda ba’zi fanlar va mutaxassislar davlat talablariga mos emasligi, ehtiyojga yarasha mutaxassislar yetakchi xorijiy texnika oliygohlarida o‘qitilayotgani qayd etildi. 

Ta’kidlash joizki, talab va taklif to‘g‘ri muvofiqlashtirilgan joyda soha rivojlanadi, mutaxassislar o‘z o‘rnini topadi. Yig‘ilishda globallashuv raqobati sharoitida xalqaro talablar hisobga olinib tayyorlanmagan muhandislarning 60 foizi boshqa sohalarda ishlayotgani, ayni paytda mamlakatdagi jadal investitsion loyihalarni samarali boshqarishga 4 mingta muhandisga talab borligi tahlil qilindi. 

2023 – 2024 o‘quv yilida «yengil sanoat konstruksiyasi» yo‘nalishida 153 nafar mutaxassis yetishtirgan Buxoro, Jizzax, Surxondaryo, Farg‘ona va Toshkent shahridagi muhandislik oliygohlari 2024-2025 o‘quv yilida mahalliy hokimlik, investorlar bilan qo‘shimcha qiymat masalalarini ko‘rib chiqib, ko‘proq kvotalarni qabul qilishi maqsadga muvofiq.

Davlatimiz rahbari to‘g‘ri ta’kidlaganidek, bugun nafaqat kvotalarni ko‘rib chiqish, balki o‘zini oqlamayotgan kafedralarni innovatsion tarmoqlarga birlashtirish, keraksiz fanlarni qisqartirish va yangi fanlarni kiritish, professor-o‘qituvchilarning xorijda malakasini oshirish, yuklamalarni optimallashtirish va jahondagi eng so‘nggi innovatsion o‘quv qo‘llanmalarni tarjima qilib, fan sifatida keng joriy qilish vaqti keldi.

Muxtasar qilib aytganda, ta’lim klasterlari, kooperatsiyalarini kengaytirish, tajriba-ishlab chiqarish korxonalarini (spin-of) ochib, davlat va ishlab chiqaruvchi mablag‘larini jalb qilish, tadqiqot o‘tkazish, raqobatbardosh mahsulot yaratib, tijoratlashtirish bugungi kunning dolzarb masalasidir.

Davlatimiz rahbari ilgari surayotgan innovatsion «tarmoq – korxona – oliygoh» muhandislik dasturi barcha oliy ta’lim muassasalariga pirovard maqsadlarni belgilab beradi. Bu esa muhandislikka ixtisoslashgan hamkor korxonalarda kafedralar ochish, dual ta’limni yo‘lga qo‘yishga asos bo‘ldi.

Joriy yilda muhandislik oliygohlari bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlar belgilab berilgan 10 ta o‘quv yurtida «Oliy muhandislik maktablari» ochiladi.

«Oliy muhandislik maktablari»da ikki yillik amaliy magistratura ochilib, ishlab chiqaruvchilarning buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinishi mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sishini ta’minlaydi. 

Bu esa davlatimiz rahbari ilgari surayotgan yuksak g‘oya — har birimizdan vatanparvarlikni talab etib, kasbga, vazifamizga bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his qilishni taqozo qiladi.

 

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri.

O‘zA