“O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati va Rossiyaning Perm milliy tadqiqot politexnika universiteti (PNIPU) o‘rtasida hamkorlikka doir Memorandum imzolandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda ikki tomon rahbariyati, universitet delegatsiyasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Asosiy maqsad ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishida mustahkam, tizimli va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishdir. Hamkorlikda 500 ta maxsus grant ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular orqali korxona xodimlari masofaviy tarzda PNIPUda tahsil olish imkoniga ega bo‘ladi. Dastur bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarini qamrab oladi.
– Ushbu yo‘nalish metallurgiya sohasida zamonaviy bilimga ega, yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini jadallashtiradi. Bundan tashqari, namunali va a’lo baholarga o‘qiyotgan talabalarga oliygoh tomonidan stipendiya berilishi belgilangan. Ishonamanki, bu tashabbus xodimlarimizning bilimi va malakasini yanada oshiradi. Ayrim sabablar tufayli ilgari oliygohda o‘qiy olmagan ishchilar endi bu sa’y-harakatlar natijasida ishdan ajralmagan holda talaba bo‘lishi mumkin, – deydi “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati rahbari Bahodir Abdullayev.


Tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimidan so‘ng PNIPU delegatsiyasi uchun kombinat ishlab chiqarish bo‘limlariga ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlar korxonaning texnologik jarayonlari, yangilangan ishlab chiqarish quvvatlari va muhandislik markazi faoliyati bilan tanishdi.


Mazkur tadbir doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha “O‘zmetkombinat” AJ jamoasi Futbol akademiyasi hududida daraxt ekish tadbirida ishtirok etdi. Unda mazkur hududga 200 tup daraxt ekildi. Shu bilan birga korxona hududi va uning atrofi bo‘ylab 10 ming tup ko‘chat ekish jarayoni ham boshlab yuborildi.



– “O‘zmetkombinat” AJ ushbu ekologik tashabbus orqali korxona o‘z faoliyatini faqat sanoat rivoji bilan cheklab qo‘ymasdan, atrof-muhitga mas’uliyatli munosabat, yashil hududlarni ko‘paytirish va jamiyat uchun qulay ekologik muhit yaratish borasida ham amaliy ishlarni davom ettirayotganini yana bir bor namoyon etdi. Bugun ekilgan har bir nihol kelajak avlodga toza havo, sog‘lom muhit va obod shahar qoldirish yo‘lidagi muhim hissa bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Korporativ munosabatlar boshqarmasi boshlig‘i Yulduz Usmanova.
A.Musayev, O‘zA.