Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutiga Xitoy Xalq Respublikasining Harbin muhandislik universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mazkur universitet turli sohalarda mutaxassislar tayyorlab, bakalavriat, magistr va doktorlik darajalarini beradi. Asosan muhandislik, fan, adabiyot, boshqaruv va iqtisodiyot sohasida mutaxassislarni tayyorlashadi. Asosiy tadqiqot yo‘nalishi sifatida muhandislik, kemasozlik sanoati ko‘rsatiladi.
Uchrashuv davomida Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti va Harbin muhandislik universiteti bilan o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishni rejalashtirish belgilab olindi.

—Ushbu tashrifning maqsadi ilmiy tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, binolar va inshootlarning seysmik barqarorligi, mexanizmlar va mashinalar nazariyasi va suyuqliklar, gaz va gidravlik haydash tizimlari mexanikasi sohalarida kelajakdagi hamkorlik tashabbuslarini ilgari surish, —deydi Fanlar akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti direktori, fizika- matematika fanlari doktori, professor Karimjon Sultonov.
Uchrashuv so‘ngida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va kadrlar almashinuvi bo‘yicha hamkorlik memorandumini tuzish va imzolashga kelishib olindi.
Bu kabi xalqaro hamkorlik masalalaridan ko‘zlagan maqsad esa muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, o‘qitish usul va shakllarini takomillashtirish, ta’lim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali ta’lim sifatini hamda ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
N.Rahmonova, O‘zA