Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhandis-geologik xavflarni kamaytirishda xalqaro hamkorlik kuchaytiriladi
13:01 / 2025-11-22

Geologiya fanlari universitetida “Gidrogeologiya, muhandislik geologiyasi va geoekologiya yo‘nalishidagi zamonaviy muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Mazkur universitet huzuridagi “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” davlat muassasasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijdan kelgan olimlar, soha mutaxassislari,  ekspertlar ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Rustam Yusupov, “Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” DM direktori G‘ani Bimurzayev va boshqalar mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat iqtisodiyoti va ilmiy salohiyatni rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Anjumanda ishtirokchilar tomonidan geologiya va tog‘-kon sanoati sohalarini rivojlantirish, mavjud muammolarning ilmiy va amaliy jihatdan yechimini topish, gidrogeologiya, muhandislik geologiyasi va geoyekologiya sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.

“Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti” DM direktori G‘ani Bimurzayevning aytishicha,  mazkur ilmiy muassasa tashkil etilganiga 65 yil to‘ldi. Ushbu yirik tadbir aynan shu sana munosabati bilan o‘tkazildi.

–Tadbir Taraqqiyot strategiyasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli buyruqlari ijrosini ta’minlashga ham qaratilgan. Anjumanda gidrogeologiya, muhandislik geologiyasi va geoekologiya sohalaridagi dolzarb muammolar, ularning yechimlari, innovatsion yondashuvlar, xavfli geologik jarayonlarni oldindan aniqlash, yer osti suvlarini muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi ta’siri, geomonitoring va geoaxborot tizimlarini joriy etish kabi masalalar tahlil etildi. Tadbir doirasida 5 ta sho‘’ba ish olib bordi. Mutaxassislar yer osti suvlarini izlash va resurslarini baholash, texnogen ta’sirlardan muhofaza, zamonaviy injenerlik-geologik tahlillar, global iqlim o‘zgarishi oqibatlari, geoturistik salohiyat, xususan, Kitob geoparkining UNESCO global geoparki maqomiga nomzodligi bo‘yicha ilmiy taklif va mulohazalarini bildirdi. Shuningdek, institutda uzoq yillar davomida faoliyat yuritgan olimlari, ularning ilmiy merosi, yosh kadrlarning sohadagi ishtiroki va yangi ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirishdagi roli ham alohida muhokama etildi, –dedi G‘. Bimurzayev.

[gallery-26359]

Muhandis-geologik hodisalar va jarayonlarning rivojlanish dinamikasini aniqlash, xavfli geologik jarayonlarni zamonaviy usullar asosida o‘rganish hamda ularning oldini olish bo‘yicha ilmiy-nazariy va amaliy vazifalar dolzarb hisoblanadi. Shu bois, anjuman ishtirokchilari gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, sohadagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish muhim ekanini ta’kidladi.

Mutaxassislar so‘ziga ko‘ra, tabiiy va antropogen omillar ta’sirida yuzaga keladigan geologik jarayonlarning shakllanish mexanizmlarini chuqur o‘rganish va ularning ehtimoliy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha kompleks yondashuv talab etiladi. Ko‘chki va shu kabi xavfli jarayonlardan erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish, tabiiy hodisalar ro‘y berganda hududlarning barqarorligini ta’minlash va oldindan tayyorgarlik darajasini oshirish uchun ko‘p tomonlama strategiyalar ishlab chiqish yuzasidan muhim. Bu jarayonda hududiy monitoringni samarali yuritishda masofadan zondlash texnologiyalari katta imkoniyat yaratadi.

Anjuman yakunida muhandis-geologik xavflarni kamaytirish, monitoringning zamonaviy usullarini joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish va sohaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. 

Nasiba Ziyodullayeva,O‘zA