Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhammadzohid Suyarov Nepomnyashiyni yengsa, “Aeroflot-open 2026” g‘olibiga aylanadi
11:30 / 2026-03-05

Bugun, 5-mart kuni Rossiyaning Moskva shahrida an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Aeroflot-open 2026” xalqaro turnirining so‘nggi 9-tur bahsida hamyurtimiz Muhammadzohid Suyarov “Open” guruhi yetakchisi Yan Nepomnyashiy bilan kuch sinashadi.

Ushbu turda oq donalarda harakatlanadigan mahoratli shaxmatchimiz M.Suyarov kecha o‘tkazilgan 7-turda qora donalarda rossiyalik Aleksandr Riazansevni mag‘lub etdi. Shundan keyin tashkil etilgan 8-turda 5-raqam ostida tasniflangan yana bir rossiyalik ishtirokchi Aleksandr Grishukni ham qora donalarda dog‘da qoldirdi. Ortda qolgan 8 ta turning 5 tasida g‘alaba, 2 tasida durang, 1 tasida imkoniyatni boy bergan iste’dodli yosh shaxmatchimiz Muhammadzohid 6 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi.  

Birinchi o‘rinda borayotgan Nepomnyashiy hisobida 6 ochko bor.  

Shuningdek, 21-bor tashkil etilayotgan turnirda qatnashayotgan yana besh nafar shaxmatchi ham Suyarov singari 5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan.  

Voqealar rivojidan oldinga o‘tib aytadigan bo‘lsak, bugungi bahsda shaxmatchimiz tajribali Yan Nepomnyashiyni mag‘lub eta olsa, turnir g‘olibiga aylanishi ehtimoldan yiroq emas. Ayollar shaxmatida mamlakatimizning birinchi raqamli sportchisi Afruza Hamdamova o‘tgan 7-turda qora donalarda harakatlanib, o‘zidan reyting ko‘rsatkichi deyarli 200 ochko baland hindistonlik Narayanan bilan murosa yo‘lini tanladi. 8-turda esa FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Nikolay Treguyenkoni oq donalarda mag‘lub etdi.  

Hozirda A.Hamdamova 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 150 nafar ishtirokchi orasida 57-o‘rinni band etib turibdi. Bugun o‘tadigan 9-turda Hamdamova qora donalarda FIDE bayrog‘i ostidagi yana bir ishtirokchi Maksim Tsaruk bilan kuch sinashadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA