O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, mazkur uyushma a’zosi Muhammadjon Obidovning “Kusto orolida 10 kun” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli shoir Salim Ashur adabiyot va jurnalistika bir-birini o‘zaro boyituvchi sohalar ekani, ko‘plab ustoz ijodkorlar bu jabhalarda samarali faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
– Bu kitob muallifning teran tahlil etish salohiyatini ko‘rsatishi bilan birga, ayniqsa, jurnalistika, adabiyot, publitsistika saboqlarini olayotgan yoshlar uchun o‘ziga xos darsdir, – dedi uyushma raisining birinchi o‘rinbosari Salim Ashur. – Kitobda ilgari surilgan g‘oyalar bugun ijodkor ziyolilarni o‘ylantirayotgan masalalarga javob, deyish mumkin.
– Gazeta, jurnalda, televideniyeda ishlab, maktab yaratishning o‘zi bo‘lmaydi, – dedi ustoz jurnalist, "Jahon adabiyoti" jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. – Har qanday mahoratli jurnalist agar muttasil xonadan chiqmay ishlasa ham, baribir uning tafakkuri dunyo qadar bo‘lmaydi. Muhammadjon Obidov o‘ttizdan ortiq davlatlarda bo‘lib, og‘ir videokameralar bilan jurnalist qanday bo‘lishi kerak, jurnalistik material qanday tayyorlanishi kerakligini isbotladi. Uning yozganlari sarguzashtlarga boy. Aslida dunyo adabiyoti sarguzashtlar tendensiyasiga tayanadi. Muhammadjon Obidov turli taqdirli odamlar bilan qanday gaplashishni biladi. Ularning holati, kayfiyatini chuqur o‘rganibgina, keyin yaxshi yozish mumkinligini isbotladi. Muhammadjon Obidovdek safdoshim borligidan juda faxrlanaman. Uning yuragidagi cho‘g‘ sira o‘chmasin!
– Muhammadjon Obidovni kamida 50 yildan beri bilaman, – dedi taniqli yozuvchi va jurnalist Xurshid Do‘stmuhammad. – U sarguzasht odami, uning hayoti sarguzashtli. Barcha ishlarni risoladagidek, batafsil bajaradi. Uning ko‘rsatuvlari xalq e’tiboriga tushgan. "Axborot" informatsion dasturida o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkor. Uning lavhalari odamlarning uyqusini qochirar edi. Bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitob jurnalistlar uchun o‘ziga xos namunadir.
[gallery-15534]
Darhaqiqat, Muhammadjon Obidovning “Kusto orolida 10 kun” nomli kitobi jurnalistning real hayotdagi voqelikka asos qilib olingan. Muallif ushbu asarda dramatik holatlar yaratadi va ular orqali bir necha ming yillar avvalgi hayot tarzini kechirayotgan orolliklarga bugungi zamondosh nigohi bilan qaraydi. Kitobni o‘qib, mehr-oqibat, vafo, odamgarchilik kabi insoniy tuyg‘ular vaqt bilmasligini, bu olijanob tuyg‘ular yer yuzida hayot boshlanganidan to qiyomat qadar abadiy bardavom ekanini anglaymiz.
Mazkur kitob 2023 yilda “Klassik” nashriyotida chop etilgan. Undan “Asirlikda”, “Salom, orol, bu men!”, “Men ham ovchiman!”, “Haqiqatga aylangan orzu” kabi qator hikoyalar o‘rin olgan.
Aytish kerakki, Muhammadjon Obidov O‘zbekiston televideniyesi “Yoshlik” telestudiyasi muharriri, “Turkiston” gazetasi muxbiri, “O‘qituvchi” nashriyoti muharriri, O‘zbekiston teleradiokompaniyasining “Axborot” direksiyasi bo‘lim muharriri, direksiyaning Farg‘ona vodiysi bo‘yicha maxsus muxbiri, “O‘zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalarining Farg‘ona viloyati bo‘yicha muxbiri vazifalarida mehnat qilgan. 2004 yildan buyon O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi, “Farg‘ona haqiqati” – “Ferganskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, 2022 yildan esa O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning mas’ul muharriri lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Ijodkorning 2009 yilda “Farg‘ona jurnalistikasi”, 2016 yilda “Men ko‘rgan dunyo”, “Kitay: politika, ekonomika, kultura”, 2017 yilda “Buyuk ipak yo‘lidagi Shinjon”, “Jurnalist surishtiruvi: tajriba va tahlil”, 2021 yilda “Mo‘’jiza izlab Misrdan Iordaniyagacha”, 2023 yilda “Kusto orolida o‘n kun” kitoblari nashr etilgan.
Istiqlol yillarida ustoz jurnalistning mehnatlari yuksak qadrlanib, 1992 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni, 2021 yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
“Kusto orolida o‘n kun” nomli kitob taqdimoti juda samimiy, jo‘shqin ruhda o‘tdi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA