French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhammadievning omadsiz debyuti va “Bunyodkor” yana 3-pog‘onaga qaytishi yoxud O‘zbekiston superligasining 11-tur o‘yinlari yakunlari haqida
13:03 / 2019-06-17

Dam olish kunlari O‘zbekiston superligasida 11-tur o‘yinlari o‘tkazildi.



Dam olish kunlari O‘zbekiston superligasida 11-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
Turning markaziy o‘yini sifatida e’tirof etilgan “Lokomotiv” va “Surxon” bahsida muxlislar kutgan darajada shiddat kuzatilmadi. 10-turdan keyin turnir jadvalida ikkinchi va uchinchi pog‘onalarni egallab turgan jamoalar to‘qnashuvida agar janubliklar muvaffaqiyat qozonishsa, chempionatda 2-o‘rin uchun intriga oshib ketardi. Lekin, Andrey Miklyaev sobiq jamoasini ranjitishni istamadimi yoki chindan ham temiryo‘lchilar “Surxon”dan bir bosh ustunmi, bunisini bilmadimu, ammo o‘yinda “Loko” raqibidan har jabhada ustun ekanligini namoyish qildi. 5-1 va chempionatda 2-o‘rin uchun intriga deyarli yo‘qoldi.
Yakshanba kungi o‘yinlar orasida ko‘pchilikning e’tibori Buxorodagi bahsga qaratildi. Yaqin o‘tmishning mashhur charm to‘p ustasi Muhsin Muhammadiev O‘zbekiston chempionatiga futbolchi sifatida aynan “Buxoro” klubi orqali kirib kelgan, keyinchalik o‘z faoliyatini Samarqandda davom ettirgandi. Muhammadievning mamlakatimizga murabbiy sifatida kirib kelishi ham Buxorodan boshlandi. Afsuski Muhsin Muslimovichning “Buxoro”dagi debyuti o‘ta muvaffaqiyatsiz chiqdi. Jamoa o‘z maydonida chempionat peshqadami “Paxtakor”ga yirik – 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Yana bir qiziqarli uchrashuv Toshkentda “Bunyodkor” va “Nasaf” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida “qaldirg‘ochlar” hisobni ochishdi va bu bilan Abramov shogirdlari 3-o‘ringa mustahkam o‘rnashib olishlari uchun yaxshigina imkoniyat hosil qilgandi. Ammo, Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari oxirigacha kurashishi bilan hurmat qozonishgan va bu safar ham shunday bo‘ldi. Ular 36-daqiqaga kelib Dilshod Saitovning aniq zarbasi evaziga muvozanatni tikladi. Qolgan vaqt davomida mezbonlar harchand urinishmasin “Nasaf” klubi darvozasiga boshqa yo‘l topisholmadi. Shunday bo‘lsa-da ochkolari sonini 18taga yetkazgan “qaldirg‘ochlar” yana 3-o‘ringa ko‘tarildi. Faqat ular “Surxon”ni to‘plar nisbatiga ko‘ra ortda qoldirdi.
Mirjalol Qosimov boshqaruvidagi AGMK klubi hamon inqirozdan chiqib ketolmayapti. Bu safar ular o‘z maydonida “Navbahor”ni qabul qilib, 1-1 hisobida durang o‘ynadi. Yaxshiki hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Shohnazar Norbekov hisobni tenglashtirdi, aks holda AGMK mag‘lubiyatga uchrashi muqarrar edi.
O‘zbekiston superligasining 11-tur o‘yinlarida qayd etilgan natijalar:

photo5204472019188558470.jpg

15 iyun
“Qo‘qon-1912” – “Dinamo” – 2:2
“Lokomotiv” – “Surxon” – 5:1
“Qizilqum” –“So‘g‘diyona” – 1:1
16 iyun
“Andijon” – “Metallurg” – 1:1
AGMK – “Navbahor” – 1:1
“Bunyodkor” – “Nasaf” – 1:1
“Buxoro” – “Paxtakor” – 0:5
Chempionatda “Paxtakor” klubi 29 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Lokomotiv” esa 24 ochko jamg‘argan holda 2-o‘rinni egallab turibdi. 3-4-pog‘onalarni band etgan “Bunyodkor” va “Surxon” jamoalari hisobida bir xil – 18tadan ochko mavjud, faqat “qaldirg‘ochlar” to‘plar nisbatiga ko‘ra yuqoriga joylashgan. Jadvalning quyi pog‘onalaridan hamon “Qo‘qon-1912” va “Buxoro” jamoalari joy olishgan. Ular 7 ochko bilan 13-14-o‘rinlarda borishmoqda. 8 ochkoga ega AGMK 12-pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, 9 ochkoga ega “Andijon” 11-o‘rinni band etgan.
Buxorodagi o‘yinda xet-trik qayd etgan “Paxtakor” hujumchisi Dragan Cheran o‘z gollari sonini 13taga yetkazgan holda peshqadamlik mavqeini mustahkamladi. Temurxo‘ja Abduholiqov 8ta gol bilan Cheranni ta’qib etayotgan bo‘lsa, biryo‘la uch nafar futbolchi – Xumoyun Murtazoev (“Nasaf”), Zafar Polvonov (AGMK) hamda Aleksandr Kasyan (“Navbahor”) o‘z hisobida 7tadan gol yozib qo‘ygan.
O‘zbekiston superligasida navbatdagi 12-tur o‘yinlari 21-23 iyun kunlari o‘tkaziladi. Turning markaziy bahsi esa 23 iyun kuni “Surxon” va “Bunyodkor” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.