Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhammad Yusuf ekkan Amerika eman daraxti
11:58 / 2021-04-23

Muhammad Yusufning zamondoshlari “U kabi saxovatpesha, birovlarga yaxshilik qilmasa turolmaydigan ijodkor topilmasa kerak...” deb shoirning insoniylik fazilatini yuqori baholashadi.

Haqiqatdan ham shoir qayerga va nima maqsadda borishidan qat’iy nazar oddiy odamlar yonida ko‘proq bo‘lishga, ularga qo‘lidan kelganicha yaxshilik qilishga shoshib yashar ekan. Bu uning xarakteriga, xarakterdan she’rlariga ko‘chib o‘tgan ulkan shaxsiyat desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, rayhondek xokisor, yalpizdek beozor, kapalakdek mo‘min, qizg‘aldoqdek kamtarin xilma-xil obrazlari shoir ijodini bezab turgan noyob topilmalardir. Bu o‘xshatishlar zamirida sizu biz kabi oddiy odamning kayfiyati, yashash tarzi, hayoti aks etgan bo‘lsa, ne tong!  

Uning yaratgan tashbehlarida eskirmaydigan bahor, xazon bo‘lmaydigan kuz, qarimaydigan umr, yoshlik shukuhi beqiyosdir. Fasllar almashinuvi singari shoirning har bir faslga o‘z savollari, murojaati bor. Shoir ana shu dunyoyu dundan lazzat tuyadi, tabiatning mo‘’jaz ne’matlariga yukinadi, tillashadi, dardlashadi. Bugun ana shu noyob iste’doddan shirin xotiralar, armonlar, yaxshiliklar, yaxshi amallar qoldi...

Men faoliyat yuritayotgan Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining Ellikqal’a pedagogika fakultetida shoirning byusti mavjud. Avval bu ta’lim dargohi “Muhammad Yusuf nomidagi akademik litseyi” nomi bilan atalgan. Mazkur dargohning ro‘parasida “Amir Temur nomli botanika bog‘i” qad rostlagan. Bog‘da yuzdan ziyod dov-daraxtlar, gullar qiyg‘os ochilib, o‘zining go‘zalligini namoyon etib turibdi. Darsdan so‘ng talabalar bilan sayr qilib yurib, bog‘ direktori biologiya fanlari nomzodi Mirza aka Bobojonov bilan uchrashib qoldik. U kishi bizga bog‘dagi daraxtlarni tanishtirarkan, ming yillik tarixga ega Xiva xonligi hovlisida ekilgan gujum, tut daraxtlardan suhbatini boshladi.  

“Mana bu gujum, – dedi ishora qilib, Xivaning Ichan va Dishan qal’alarida sovutgich va namgarchilikni ushlab turish vazifasini o‘tagan. Bu ota-bobolarimizdan kelayotgan daraxt. Har bir hovlida bo‘lsa, yozda konditsioner vazifasini bajaradi. Tagida dam olsangiz, tetiklashasiz. Mana bu – tut daraxti, u quyi Amudaryo deltasida tuzlanishning oldini oladi. Tuzning me’yordan oshib ketmasligini, tuproq namgarchiligini muvozanatda ushlab turishga yordam beradi.  

Men Mirza akaga savol beraman. Muhammad Yusuf ekkan biror daraxt yo‘qmi? Shoir bu qutlug‘ maskanlarga ko‘p marotaba tashrif buyurgan.  

Bor, – dedi. – Mana, o‘zi vafotidan bir yil oldin kelganida o‘tqazgan. Men u kishi bilan ko‘p suhbat qurganman. Bu daraxtning nomi Amerika emani. Ming yil yashaydi. O‘zimizning chinor kabi sekin rivojlanadi. Yaproqlari kashtan guli singari mayin va fusunkor. Talabalar bilan daraxt yoniga yaqinlashamiz. Eman daraxti Shimoliy Amerikaning milliy daraxtlari ro‘yxatiga kiritilganini eshitmagan ekanman. Mazkur daraxt davlat muhofazasiga olinib, “Qizil kitob”ga ham kiritilgan. Muhammad Yusuf o‘tqazgan eman daraxtiga zimdan nazar tashlarkanmiz, hali kichkina bo‘lishiga qaramay, quyi Amudaryo deltasiga moslashganini, sekin rivojlanib o‘ziga xos ajib bir go‘zallikni namoyon qilib turganligini ko‘rish mumkin. Shoir o‘zidan bezavol she’riyat qoldirdi. Xalqimizda yaxshidan bog‘ qoladi, degan maqol bor. Yaxshidan o‘lmas she’riyat bilan birgalikda bog‘ ham qoldi. U qismat va taqdir yozug‘i. “Umri aziz” bo‘lib yashash, qisqagina hayoti davomida saxovatpeshalik bobida namuna ko‘rsatgan, “she’r yozish ham birovga bilmay yaxshilik qilishday gap...” deya hayotini go‘zal mazmun bilan to‘ldirgan shoir ijodi o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmagay.  

Xursandbek TO‘LIBOEV,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti dotsenti