Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhammad siddiq: “Musofir daraxt”
12:46 / 2025-10-06

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

Iste’doli shoir, ko‘ngil musavviri Muhammad Siddiqning “Musofir daraxt” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

Kitobdan shoirning  so‘nggi yillar yozgan yangi she’rlari,  ko‘ngil kechinmalari – dilnomalari joy olgan.

Atoqli adabiyotshunos, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov Muhammad Siddiqning yangi kitobiga chog‘roqqina, ammo juda samimiy so‘zboshi yozgan. 

– Muhammad Siddiq vodiy shoirlariga xos tiniq, obrazli fikrlaydi. Yuragida chuqur iz qoldirgan hayotiy gaplarni yozadi – she’r bo‘lsin, nasr bo‘lsin, uning asosiy dushmani bekorchi, behuda so‘z, deya o‘z fikrini urg‘ulaydi olim.

Muhammad Siddiq ta’kidlanganidek, so‘zni isrof qilmaydigan shoir. U qalb kechinmalarini uzundan uzoq tasvirlab, bayon etib o‘tirmasdan, bir qatorgina yozib ham nuqta qo‘yib qo‘yaqoladi. Shu birgina satr – ajoyib bir she’r o‘laroq qalbingizda muhrlanib qoladi. Mana, uning “Chizgi” deb nomlanuvchi shunday she’rlaridan biri:

Hilol – yuragimning tilingan joyi...

Yoki “Qishloqda” nomli ikki qatordan iborat ushbu satrlarga e’tibor qarating:

Uzoq xayol surib qolibman chog‘i,

Musicha boshimga keltirdi xaslar... 

Yoki  “Qora tosh oldida” nomli she’rda o‘zni fosh qilishning go‘zal suvratini ko‘ring:

Unga yo‘liqqanda 

ko‘zim yosh edi, 

Gunohim bo‘ynimda, 

aybim fosh edi.

Uyaldim Ka’baga tik boqmoqlikka,

Naylay, ichim to‘la 

qora tosh edi...

Kitobdan joy olgan “ko‘ngil kechinmalar”ini butun og‘irliklari, mahzunliklari bilan qabul qilasiz. U og‘riq o‘zga birovning emas, aynan sizning dardingiz ekanligini tanangizda his qilasiz. 

– Ko‘pincha qishloqning ayollari kelib onamga dardini aytib o‘tirganiga guvoh bo‘lardim. Ular qaytayotganida onamga: “Siz bilan gaplashib yengil tortdim” der edi. Ammo onam o‘sha ayollarning dardi bilan qolardi. Ular ketganidan so‘ng ma’yus, parishon bo‘lib yurardi... 

Axir, bu sizning hayotingizda bo‘lib o‘tgan noyob, aziz va unitilmas lahzalarning shoir eslatgan parishon bir bo‘laklari-ku...

Ha, Muhammad Siddiq – ko‘ngil odami, ko‘ngil shoiri.

Uning “Musofir daraxt”ini, albatta, o‘qing. U sizga o‘tayotgan har bir lahza g‘animatligini, odamiylikni, mehr ustiga qurilgan dunyo qanchalar go‘zalligini eslatib turguvchi mangu va beg‘araz qo‘shiqqa o‘xshaydi.

A.Narzulloyev, O‘zA