Markaziy Osiyo o‘tmishi to‘liq xulosa qilinmagan tarixdir.
Chunki Turkiston мозийиga turli rakursdan qarashning o‘zi hali shakllanmagan. Manbalar to‘lig‘icha nashr etilib, baho ham berilmagan. Qolaversa, ushbu soha bir fan sifatida hali sovet tarixshunosligi «ta’siri»dan to‘la chiqib keta olgan, deb ham bo‘lmaydi. Menimcha, bugungi kun zamonaviy muarrixining vazifasi ana shu xilma-xillikni ko‘rsatishdan iborat.
Tarix o‘tmish xatolarini qidirishdan iborat emas, u hozirgi muammolarini tarix prizmasidan o‘tkazib yechim topishni ham anglatadi. Bu fan aslida siyosatchilar, politologlar, sotsiologlar, madaniyatshunoslar, pedagoglar, siyosiy partiyalar uchun dasturlarini amalga oshirishdagi eng zarur unsur vazifasini o‘tashi kerak. Negaki, tarix faqatgina tarix uchun, akademik fan emas, balki amaliyotda qo‘llab bo‘ladigan ilm sohasidir. U jamiyatda fikrning yo‘nalishini belgilashda katta rol o‘ynashi mumkinligini ko‘plab ilmiy misollar yordamida isbotlash mumkin. Bizda ham tarix fani endi-endi amaliy muammolar yechimiga xizmat qiladigan fan sifatida shaklllanyapti.
Shu ma’noda gapirganda, bizning hududda (jamiyatlarda) tarixni xolis o‘rganish va avlodlarga ajdodlar hayotini, mintaqamizda kechgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni aslicha o‘rgatish borasida talaygina muammolar yechimini kutib turibdi. bugungi globallashgan dunyo jamiyatlari anchayin kosmopolitizmga berilgandek taassurot uyg‘otsada, tarix, xususan, identitet-o‘zlikni anglash faktoriga ritorikasini to‘liq o‘zgartirgan, deb qarash noto‘g‘ri bo‘ladi, menimcha.
Negaki, milliy, mustahkam jamiyatlarning shakllanishida aynan tarix, o‘tmish xulosalari va uning ilhomlantiruvchi ruhiyati muhim asos bo‘la olishini bugungi kunda ham hech kim inkor etayotgani yo‘q. Masalaga zikr etilayotgan nuqtai nazardan qarash, milliy davlat barpo etish va Markaziy Osiyo tushunchasining dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlashga harakat qilayotgan tarixan bir xil o‘tmish va qadriyatlarga, til va madaniyatga ega, bugun besh mustaqil davlatga ega bo‘lgan mintaqa xalqlari va jamiyatlari uchun juda muhim.
Zotan, bugun integratsiya sari qadam qo‘yayotgan «yagona tarix va umumiy kelajak» g‘oyasi ustida bosh qotirayotgan qo‘shnilar murodining hosil bo‘lishida tarix fani va unga yangicha qarashni shakllantirish muhim omil sanaladi. Tarix ana shu umumiy o‘zlik masalasini hal qilishda muhim vosita hisoblanadi.
Markaziy Osiyoning barcha tarixiy «qatlamlari» qatori XVI-XIX asrlar tarixi bir tomonlama o‘rganilgan. Go‘yoki bu davrning asosiy belgilari siyosiy tushkunlik va iqtisodiy inqiroz bo‘lgan.
Men ushbu maqolada ayni o‘sha davr yangi siyosiy falsafasining asoschisi haqida fikr yuritmoqchiman.
Jahon tarixshunosligida yirik davlat arboblari hayoti hamda faoliyatini o‘rganish va tadqiq qilish oxirgi ikki yuz yilda urf bo‘lgan. Maxsus tarixiy metodlar ishlab chiqilgan. Tarixiy shaxsлар hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kitoblar katta adadlarda chop etila boshlangan. Misol uchun, «Jahonning yuz buyuk insoni» seriyasi yoki sovet davridan to hozirgacha chiqayotgan «Ajoyib insonlar hayoti» mushtariylarning tarixdan xabardorligini oshirib boradi. Biroq ushbu tamoyillarni bizning muarrixlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Nimagadir bizda tarixiy shaxslarning hozirgi zamonda tutgan o‘rni haqida kam yozishadi, kam tadqiq qilishadi.
Masalan, biz yuqorida ishora qilgan, milliy davlatchilik tarixida muhim burilish yasagan sarkarda va davlat arbobi Muhammad Shayboniyxon tarix soyasida qolib ketgan. Uning faoliyatiga (1451-1510 yy.) ilmiy, tarixiy-siyosiy nuqtai nazardan baho berilmagan.
Shu ma’noda Shayboniyxon hamon tarixiy mavhum shaxsligicha qolmoqda. Bundan ham battari uning shaxsiyati va faoliyati tarixshunosligimizda va tarixiy ongimizda ziddiyatlarga qorishtirib tashlangan.
Xo‘sh, mintaqamiz tarixi ummonida bir ko‘rinib, bir botib suzib yurgan, ushbu shaxsning tariximizda tutgan o‘rni qanday?
Albatta, kichik bir maqolada Shayboniyxondek yirik shaxsiyat haqida uzil-kesil fikr aytish va xulosa yasash qiyin masala. Shu bois, biz uning hayoti va siyosiy faoliyati, mintaqa ijtimoiy-madaniy va jo‘g‘rosiyosiy «iqlimi»ga ta’siri haqidagi qisqa mulohazalarimizni bayon qilishni lozim topdik.
XVI asr boshida Yevroosiyoda yirik siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar yuz berdi. Shimoliy Yevroosiyoda Oltin O‘rda davlati zaiflashgan, Moskva knyazligi kuchayayotgan edi. Janubi-g‘arbda kuchli Safaviylar davlati vujudga kelgan, Sharqda esa Xitoy markazlashgan edi. Mavjud manzara temuriylar saltanati tang ahvolga tushganini anglatar va bu o‘ziga xos «xaos» yaratgan edi. Shuningdek, mintaqada yangicha fikrlovchi va yangicha tashqi siyosat yurituvchi sarkarda, olim va davlat arbobiga zarurat yetilganini bildirardi.
Ana shu vaziyatda Muhammad Shayboniyxon tarix sahnasiga chiqdi. U haqli ravishda XVI asr boshida Yevroosiyoda geosiyosiy vaziyatni o‘zgartirgan va Markaziy Osiyo shakllanishiga ta’sir o‘tkazgan shaxs hisoblanadi. U olib borgan tashqi siyosat Markaziy Osiyoni mustaqil bir hududga aylantirdi. mintaqa xavfsizligi ta’minlandi, hudud muhim savdo-sotiq va madaniy almashinuv ko‘prigiga aylandi.
Bu davrga kelib, saltanat xalqaro urushlarda qatnashmas, har bir yirik davlat bilan o‘zaro manfaatli munosabatlar olib borishga harakat qilar edi. Mohiyatan Shayboniyxon yaratgan siyosiy model to XIX asrning o‘rtalarigacha xalqaro munosabatlarda amaliyotga tatbiq etildi.
Markaziy Osiyo hukmdorlari XVI-XIX asrlarda Eron, Xitoy, Hindiston va Rossiya bilan faol diplomatik muzokaralar va savdo-sotiq olib borar, ana shu buyuk davlatlar bilan raqobatlashar hamda o‘z hududini ulardan va boshqa tashqi kuchlardan munosib himoya eta olardi.
Tariximizda aynan Muhammad Shayboniyxon sa’y-harakatlari bilan yaratilgan siyosiy tizim 400 yil davomida samara bergan va tarixda mustaqil Markaziy Osiyo xonliklari davri (XVI-XIX asrlar) sifatida iz qoldirgan.
Ushbu yaratilgan geosiyosiy tizimni biz Yevropada diniy urushlardan so‘ng 1648 yilda vujudga kelgan Vestfaliya tizimi bilan qiyoslasak bo‘ladi. Zotan, 1510 yilda vujudga kelgan mazkur geosiyosiy tizim Eronni, Xitoyni va Rossiyani Markaziy Osiyo xonliklari bilan hisoblashishga majbur qildi. Vestfaliya sulhi ham o‘z zamonida G‘arbiy Yevropada tinchlik o‘rnatilishiga sababchi bo‘lgan edi. U XIX asr boshigacha kuchda bo‘ldi.
Yuqorida aytganimizday, yaratilgan geosiyosiy vaziyat nafaqat Markaziy Osiyoda tinchlik o‘rnatdi, balki savdo-sotiq va fan rivojlanishiga ham turtki berdi. Bu tizimga daxl qilish hech bir yirik davlat uchun manfaatli emas edi. Chunki uning siyosiy falsafasini buzg‘unchi g‘oyalar emas, balki yagona Markaziy Osiyo davlatini yaratish va shu orqali qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamda mo‘’tadil munosabatlar yuritish tashkil etardi.
Muhammad Shayboniyxonning siyosiy mafkurasi ham Vestfaliya sulhi shartlariga mohiyatan ancha o‘xshash. Ya’ni bag‘rikenglik, faol iqtisodiy siyosat, davlat suvereniteti va milliy davlatchilikni qurish va yuksaltirishdan iborat edi.
Bevosita ushbu siyosiy prinsiplar asosida Markaziy Osiyoda o‘zbek xonliklari bilan bir qatorda, qozoq, qirg‘iz xonliklari shakllandi va rivoj topdi. Biz bemalol ta’kidlashimiz mumkinki, o‘z davrining yetuk islohotchisi va siyosiy arbobi bo‘lgan ajdodimizning siyosiy irodasi va sa’y-harakati bilan imperiya tizimidan Yangi davrga, ya’ni milliy davlat sari qadam qo‘ydik. Muhammad Shayboniyxon yaratgan o‘ziga xos konsepsiya va жўғросиёсий muhit negizida mintaqada milliy davlatchilik vujudga keldi. G‘arbiy Yevropada feodalizmdan Yangi davrga o‘tish absolyut monarxiya shaklida bo‘lgan bo‘lsa, Markaziy Osiyoda bu «sakrash» yumshoq federal davlatchilik shaklida kechdi.
Afsuski, muarrixlar, ayniqsa, sovet tarixshunosligi va bizning bugungi ayrim tarixchilarimiz ham bu davrni (XVI-XIX asrlarni) «siyosiy tarqoqlik», «qoloqlik», «iqtisodiy tushkunlik» va «markazlashmagan davlatlar» ruhida talqin qilishadi. Ya’ni bizning muarrrixlar Vestfaliya tizimini Markaziy Osiyo tarixiga qo‘llamoqchi emas!
Biz bir tarixiy haqiqatni yodda tutishimiz darkor: O‘zbekiston tarixi jahon tarixining ajralmas qismidir. Agar biz faqatgina tariximizning «unikal»ligini ta’kidlasak, hech bir shaxsga yoki воқеаga to‘g‘ri baho berolmaymiz. Aynan Muhammad Shayboniyxon geosiyosiy modeli ana shu haqiqatni unutmaslikka undaydi.
Sovet davridagi va hozirgi tarixchilarimiz fikricha, tariximizning XVI-XIX asrlari «so‘nggi feodalizm davri» deb talqin qilinadi. Lekin Shayboniyxon siyosati va temuriylar imperiyasi parchalanishi, bizni Yangi davrga shiddat bilan olib kirdi. Biz bemalol ta’kidlashimiz mumkinki, Markaziy Osiyo ham Yevropa singari Yangi davrga XVI-XVII asrlarda o‘tdi. Va bu tarixiy tranzitda Shayboniylar roli ulkandir. Demak, jahon tarixi jarayonlarida Markaziy Osiyo XVI asrda yetakchilik qilgan. G‘arbiy Yevropaning Yangi davrga o‘tishi siyosiy inqiroz bilan bog‘liq edi. Bu inqiroz 150 yil davom etdi. Markaziy Osiyoda esa siyosiy inqiroz 10-12 yil ichida yengib o‘tildi. Kam qon to‘kildi.
XVI-XVII asrlar G‘arbiy Yevropa va Markaziy Osiyo tarixini solishtirsak, o‘xshash tomonlari juda ko‘p. Faqatgina Markaziy Osiyo bu inqirozdan tezroq o‘tdi. Ya’ni Yangi davr Markaziy Osiyoda ham, jahonda ham, bir xil kechgan. Va shuning uchun ham, komparativ (solishtirma) tarix yo‘nalishini rivojlantirish zarur. Komparativ tarixdan foydalanmaslik va voqealarga jahon tarixi kontekstida yondashmaslik, albatta, katta xato va masalaga noilmiy yondashuvdir.
Kaspiydan to Tyan-Shangacha, Janubiy Sibirdan to Qandahorgacha cho‘zilgan hududda yagona kuchli davlat qurib bo‘lmas edi. Shayboniyxon siyosiy vaziyatni anglagani uchun bu g‘oyadan voz kechgan, uning yetilib kelayotgan geosiyosiy vaziyatga mos kelmasligini oldindan ko‘ra olgan. U qo‘shni davlatlar bilan doimiy urush holatida turishdan ko‘ra, Markaziy Osiyoni tashqi yovlardan himoya qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish, savdo-sotiq, ilm-fan va madaniyatni yuksaltirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Tarixiy manbalardan shu narsa aniqki, Oltin O‘rdaning parchalanishi Shayboniyxonning siyosiy ongiga kuchli ta’sir qilgan. Bu unga yirik imperiyalar davri o‘tib ketganini, endi milliy davlatlar jahon sahnasida muqim o‘rin egallashini anglatar edi. Sharqda Xitoy, G‘arbda Rossiya va janubda Eronda yirik islohotlar ketayotgan bir davrda u yangi siyosiy mafkura va yangicha qarash tarafdorlarini atrofiga yig‘ib, Markaziy Osiyoni isloh qilishga kirishdi.
Muhammad Shayboniyxon fenomeni ham aynan shundadir. Uning uchun juda tez o‘zgarayotgan dunyoda yagona yechim – milliy davlat qurishdan iborat edi.
Manbalardan ma’lumki, Shayboniyxon siyosiy va harbiy faoliyati davomida qon to‘kilishidan qochgan, muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga intilgan. Tarixiy manbalarda Shayboniyxon xunrezliklar qilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Hatto u o‘z raqibi Boburning opasi Xonzodabegimga uylanadi. Bobur siyosiy raqibi Shayboniyxon haqida shunday yozadi: «mening g‘animim Shayboqxon tajribali, ko‘p ish ko‘rgan va ulug‘ yoshli kishi edi».
Darhaqiqat, u zukko, madrasa ko‘rgan, aqli raso inson bo‘lgan. Biz uni mubolag‘asiz Yangi davr hukmdori desak, adashmagan bo‘lamiz. Yangi davr hukmdori uchun, N.Makiavelli ta’biriga ko‘ra, davlat manfaati hamma narsadan ustundir. Shu ma’noda Muhammad Shayboniyxon ham shon-sharaf orttirish uchun emas, balki yangi tipdagi davlat qurish uchun sa’y-harakat qilgan.
Uning ishlarini Abdullaxon II davom ettirdi. Shayboniyxon siyosiy falsafasi Ashtarxoniylar hamda Qo‘qon, Buxoro, Xorazmda shakllangan davlatchilik ishlarida qo‘llanildi. Bu siyosiy falsafaning asosi iqtisodiyotni ustun qo‘yish va xalqaro urushlarga aralashmaslik, ilm-fanni rivojlantirishdan iborat edi.
Albatta, bu siyosiy falsafani barcha davrlar va zamonlar uchun ham sermahsul, deb bo‘lmasdi. Ayniqsa, XIX asrning ikkinchi yarmidagi vaziyat yangi siyosiy falsafaga o‘tish zarurligini taqozo etdi. Lekin XIX asrda Shayboniyxondek siyosiy lider topilmadi. Aksincha, amir Nasrullaxon Shayboniyxonning falsafasiga zid ish tutdi...
Garchi qaytariq bo‘lsada, yana bir bor aytib o‘tish zarurki, Shayboniyxonning siyosiy qarashlari va falsafasi 400 yil davomida Markaziy Osiyoda xavfsizlik garovi bo‘ldi va iqtisodiyot, madaniyat, ilm-fan rivojida katta rol o‘ynadi. Biroq, taassufki, uning siyosiy falsafasi va siymosi hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlarida juda sust o‘rganilmoqda.
Aslida shu yil Muhammad Shayboniyxon tavalludining 570 yilligi mintaqamizda keng nishonlanib, sana munosabati bilan unga haykal o‘rnatilsa, nomi abadiylashtirilsa va xalqaro konferensiyalar o‘tkazilib, u haqda ilmiy va ilmiy-ommabop kitoblar yozish rag‘batlantirilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Zero, Muhammad Shayboniyxonning g‘oyalari bugungi Yangi O‘zbekiston tutgan yo‘lga ham hamohangdir: bu g‘oyalar buyuk davlatlar bilan teng manfaatli hamkorlik qilish, iqtisodiyotni ustun qo‘yish va tinchlikni ta’minlash va ilm-fan rivojiga ustuvor ahamiyat qaratishdek ezgulikka yo‘g‘rilgan edi.
Baxtiyor Abduhakimovich Alimjanov 1985 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2008 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti bakalavriati, 2010 yilda magistraturasini bitirgan. 2014-2017 yilda Sankt-Peterburg davlat universiteti aspiranturasida tahsil olgan. 2017 yildan tarix fanlari nomzodi. Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti doktoranti (DSc).
3 ta monografiya, 1 ta kitob va 65 ta ilmiy maqola muallifi. Ilmiy ishlari AQSH, Rossiya, Xitoy, Қозоғисtoн, Qirg‘iziston, Pokiston, Germaniyada chop etilgan. 50 ga yaqin konferensiya, kongress va ilmiy anjumanda ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Baxtiyor ALIMJANOV,
tarix fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti doktoranti