Poytaxtimizdagi “Renessans kino uyi"da Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot milliy adabiyotimizga jahon adabiyotidagi ilg‘or shakl va izlanishlarni olib kirayotgan, o‘zbek adabiyotining sara asarlarini xorijda targ‘ib qilayotgan fidoyi tarjimonlar mehnatiga munosib rag‘batdir.
Tanlovga jami 60 nafar tarjimonlardan ijodiy ishlar qabul qilindi. Bu tanlov nominatsiyasining har biriga o‘rta hisobda 10 nafardan nomzod to‘g‘ri keldi, deganidir.
Tanlovga kelgan asarlarga baho berish uchun xorijiy til mutaxassislari, adabiyotshunoslar va tarjima muharrirlaridan iborat ekspertlar guruhi tuzildi. Asarlarni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston davlat jahon tillari, Toshkent davlat sharqshunoslik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlari mutaxassislari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari faol ishtirok etdi.
Ekspertlardan tashqari, tanlovga kelgan ijodiy ishlarni ko‘rib chiqish uchun ikkita tarkibda ishchi guruh tashkil etildi. Ularning biri – o‘zbek adabiyotidan xorijiy tillarga qilingan tarjimalarni, ikkinchisi jahon adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan tarjimalarni ko‘rib chiqdi.
Prezidentning tegishli qarorida belgilangan 6 ta asosiy nominatsiyadan tashqari qo‘shimcha 3 ta rag‘batlantiruvchi mukofot ajratildi. Bular – “Badiiy tarjima rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” (O‘zbekiston fuqarolariga), “O‘zbek adabiyotini xorijda faol targ‘ib qilganligi uchun” (xorijlik tarjimonga), “Umidli tarjimon” (yosh tarjimonlarga).
Adabiyot va do‘stlik bayrami sifatida tashkil etilgan bugungi taqdirlash marosimida Xalqaro mukofot g‘oliblarining har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, rag‘batlantiruvchi mukofot egalari esa faxriy yorliq va bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tanlov badiiy tarjima sohasining rivoji uchun ham muhim ahamiyatga ega. Tarjimashunoslik sohasi uchun yangi-yangi tadqiqot ob’ektlari yaratiladi, o‘zbek adabiyoti targ‘iboti uchun ufqlar kengayadi, yosh tarjimonlarni yetishtirish ishlari ham yangi bosqichga ko‘tariladi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri