English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhammad Rexsimov: paralimpiya bahslarida bayrog‘imizni yuqori ko‘tarishga intilamiz
15:50 / 2021-08-23

Xabaringiz bor, joriy yilning 24 avgust – 5 sentyabr kunlari Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Unda mamlakatimiz sharafini 48 nafar paralimpiyachi  8 ta sport turi bo‘yicha himoya qiladi

Ertaga 24 avgust kuni XVI yozgi Paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosimda O‘zbekiston sport delegatsiyasining bayroqdori sifatida para yengil atletika bo‘yicha ikki nafar sportchimiz – Muhammad Rexsimov hamda Nurxon Qurbonova ishtirok etadi.

Para yengil atletikaning yadro uloqtirish turi bo‘yicha Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan Muhammad Rexsimov O‘zA muxbiriga, musobaqa oldidan o‘z hissiyotlarini so‘zlab berdi.

– Avvalo, bunday yuksak sharafli ishni menga ishonib topshirishganidan behad xursandman. Delegatsiya bayroqdori bo‘lish biz uchun ikki barobar mas’uliyat yuklaydi. Umid qilamanki, musobaqalar davomida ham yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarish nasib etadi.

“Tokio-2020” musobaqasi haqida gapiradigan bo‘lsam, biz Prezidentimizning 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi,  joriy yilning 25 iyunidagi “2021 yilda Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi olimpiya va XVI paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirokini ta’minlash hamda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq Paralimpiya o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rdik. Umid qilamizki, ushbu tayyorgarliklar, yaratilgan shart-sharoitlar samarasida yuksak natijalarni qayd etamiz.

Ma’lumot uchun. Muhammad Rexsimov 2017 yil BAAda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Para Osiyo o‘yinlarida oltin medalni, 2018 yil Indoneziyada o‘tkazilgan Para Osiyo o‘yinlari bronza medalni qo‘lga kiritgan.  

Iste’dodli sportchimizga “Tokio-2020” musobaqasida ham ulkan zafarlar tilab qolamiz.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA