Bugungi kunda O‘zbekiston va Bangladesh munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Ikki do‘st mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqa o‘rnatilganiga bu yil 32 yil to‘ladi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va Bangladesh manfaatlari, taqdiri mushtarak, quvonch va tashvishni baham ko‘radigan, teng huquqli sheriklardir.
O‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ta’lim, madaniy-gumanitar va sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilmoqda.
“Diplomatik rakurs” deb nomlangan yangi loyihamizda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, chet davlatlarning yurtimizdagi vakolatxonalari va konsullik markazlari faoliyati haqida so‘z yuritish, shuningdek, diplomatlar bilan jonli muloqotlar, xalqaro siyosiy tahlillar uyushtirishni niyat qilganmiz. Dasturning ilk mehmoni Bangladesh Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Monirul Islom.
– Assalomu alaykum janob elchi. Siz bilan yangi loyihamizda ko‘rishib turganimdan mamnunman. O‘zbekistonda o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
– Menga Toshkent juda yoqdi. Sababi, ilk bor kelganimdanoq, bu yerda o‘zimni o‘z uyimdagidek his qilyapman. Mamlakatingiz odamlari juda samimiy, mehmondo‘st, oqibatli, yoshlari esa ilmga chanqoq. Men o‘zbeklarni o‘z yaqinlarimdek qadrlayman, hurmat qilaman.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘xshashlik yoki farq haqida nima deya olasiz?
– Bizda o‘xshashlik juda ko‘p. Qadim tarixga ega mamlakatlarimizni madaniyatlar mushtarakligi, din o‘zaro birlashtirib turadi va yanada bir-biriga yaqinlashtiradi. Bobur hind diyori taxtiga kelganda Bangladesh Hindistonning bir bo‘lagi edi. Boburiylar Hindistonda inglizlardan ham ko‘proq – 332 yil hukmronlik qilgan. Shuning uchun ham bizning tarixiy va madaniy yaqinligimiz chuqur ildiz otgan. Navro‘zni Nobobosho bayramiga qiyoslash mumkin. Faqat mavsumiy farq tufayli biz bu ayyomni uch hafta keyinroq – 14 aprelda nishonlaymiz. Nobobosho uchinchi boburiy hukmdor Akbarshoh davrida paydo bo‘lgan. Akbarshoh Bangladeshda yangi taqvim yiliga asos solgan. Navro‘z va Nobobosho bir-biriga uyqash: ikkalasida ham turli taomlar pishiriladi, yaqinlar ziyorat qilinadi. To‘y marosimlarimizda ham umumiylik bisyor. Sizlarda nikohdan oldin kelinning uyiga borib non sindirilsa, bengallar shirinlik ulashishadi.
Muhimi, bugun munosabatlarimizni yanada rivojlantirish, birgalikda yangi taraqqiyot dasturlarini keng tadbiq etish, turli sohada hamkorlik orqali ikki davlat ravnaqi yo‘lida harakat qilishimiz lozim.
– Sizning Istanbul, Tokio va Nyu-Yorkdagi faoliyatingizdan xabardormiz. O‘zbekiston yuqoridagi shaharlardan farq qiladi. Toshkentda dastlab qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
– Bu yerda, deyarli, hech qanday qiyinchilikka uchramadim. Qariyb to‘rt oydan beri O‘zbekistondaman: biznes, ta’lim, madaniyat, OAV va boshqa ko‘plab sohalar vakillari bizga yordam beryapti. Buning uchun hukumatingizga, mehmondo‘st o‘zbek xalqiga alohida rahmat aytaman.
Elchilik mas’uliyatli vazifa, chunki O‘zbekistonda men o‘z vatanim yuzini ko‘rsataman. Sirtdan yengil tuyulishi mumkin, ammo o‘zaro aloqalarni yana bir bosqichga ko‘tarish oson kechmasligi aniq.
Allaqachon mamlakatingiz tashqi ishlar idorasi bilan birga aloqalar rivojiga xizmat qiluvchi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqqanmiz. Bu hujjatda munosabatni qanday mustahkamlash, qaysi yo‘nalishlarda ish yuritish belgilab olingan.
Albatta, bu yo‘lda qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, birgalikda harakat qilinsa, ikki do‘st o‘lkaning mavqei yuksaladi. Demak, maqsadimiz faqat oldinga intilish.
– Yurtimiz ochiqlik va oshkoralik yo‘lida “Yangi O‘zbekiston”ga aylanish maqsadini ko‘zlagan. Sizningcha, “Yangi O‘zbekiston” qanday bo‘lishi kerak?
– O‘zbekiston tinchliksevar davlat, xalqaro maydonda oshkora, pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat olib bormoqda. Ayniqsa, mamlakatga Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangandan keyin O‘zbekiston siyosatida ochiqlik darajasi kuchaydi. Xorijdan investitsiya kiritish osonlashdi. Boshqa davlatlar, ayniqsa, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan aloqa mustahkamlandi.
Mirziyoyev davlat amaldorlari xalqqa yaqinlashishi, xalqni hurmat qilishini istadi. Bu jarayonda davlat amaldorlari xalqni boshqarishi emas, balki elga xizmat qilishi zarurligi nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston bilan munosabatda muvaffaqiyatli ish yuritmoqda. Tabiiyki, Afg‘onistonga alohida ahamiyat berilmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan yaqinlik yangicha tashqi siyosatning bir qismiga aylandi.
Mirziyoyev demokratik, siyosiy va huquqiy islohotlar o‘tkazish orqali tom ma’noda mamlakatni zamonaviy davlatga aylantirmoqda. O‘zbekiston bugun yuksak maqsadlar sari g‘oyat qat’iyat bilan olg‘a odimlamoqda. Jumladan, Bangladesh bilan yaqin do‘stlik islohotlar davrida yanada rivojlanishi uchun barcha imkoniyat mavjud.
– Bangladesh tashqi siyosatida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonning o‘rni qanday? Mamlakatimiz mintaqada yetakchi bo‘la oladimi?
– Bangladesh tashqi siyosatida O‘zbekiston alohida ahamiyatga ega. Sababi, yuqorida ta’kidlaganimdek, bizni umumiy tarix, din va madaniyat uyg‘unligi bog‘lab turadi.
To‘g‘ri, biz Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha sohalarda keng qamrovli loyihalarni yo‘lga qo‘yganmiz. Faqat, endi natija ham barcha tomonlarni qoniqtirishi lozim. Savdo-investitsiyaviy, gumanitar, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi samarali hamkorlik davlatlarimiz uchun birdek manfaatli bo‘lmog‘i shart.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlardan farqli jihati shundaki, yurtingiz fuqarolarining mushtarak maqsadi Yangi O‘zbekistonning gullab-yashnashiga qaratilgan. Xuddi shunday, Bangladeshda ham turli etnik guruhlar, diniy jamoalar, har xil til vakillari o‘rtasida hech qanday tafovut bo‘lmasligi belgilab qo‘yilgan. Sizning va bizning mamlakatimiz erkinlikni kafolatlaydigan demokratik mamlakatlar sirasiga kiradi. Hamma uchun tenglik va hurmat yagona omil bo‘lib, O‘zbekiston uchun ham, Bangladesh uchun ham kuchli nuqtadir.
Yana shuni aytishim kerak, bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab turibdi. Buni yetarlicha jabhalarda ko‘rish mumkin. O‘zbekiston tinch va barqaror, barcha qo‘shnilari bilan inoq. Axir, do‘stlik va hamkorlik mintaqadagi barcha xalqlarga manfaat keltiradi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tashqi savdoda eksport va import ko‘lamini kengaytirishda qaysi omillar muhim, deb o‘ylaysiz?
– Yaqinda berilgan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yil O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2022 yilga nisbatan 23,9 foiz oshib, 62,5 milliard dollarga yetgan. Shundan 24,4 milliard dollarini eksport, 38,1 milliard dollarini esa import tashkil etgan. Boshqacha aytganda, bir yil davomida eksport 23,8, import 24 foiz o‘sgan. Bu ajoyib ko‘rsatkich.
Umuman, aloqalar rivojida iqtisodiyot asosiy nuqta hisoblanadi. Shuning uchun ham har ikki tomonga investitsiya kiritish, xorijiy sarmoyadorlarni ko‘proq jalb qilish, xaridorgir sifatli mahsulot ishlab chiqarish zarurati kuchli.
Yaqinda Bangladesh Savdo vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurishi, ushbu muhim safar davomida davlat rasmiylari, ishbilarmonlar va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Maqsad Bangladesh – O‘zbekiston savdo aloqalarini yanada yuksaltirish, ko‘proq ijobiy natijaga erishish.
Ayni paytdagi hisobotga ko‘ra, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 27 million dollarga teng. Bu yetarli emas. Turli sohalarga investitsiya jalb etish orqali ayni ko‘rsatkichni 100 million dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz.
Farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, havo transporti, logistika bo‘yicha sheriklikni rivojlantirishimiz kerak. Ayniqsa, turizm sohasi alohida ahamiyatga ega.
Buyuk siymolar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband, Amir Temur, Al Beruniy, Ibn Sino ta’rifi bangladeshliklar orasida ham juda mashhur.
Bangladeshning ham juda ko‘p tarixiy, turistik joylari bor. Masalan, “Cox's Bazar Beach”, “Ratargul Swamp forest”, “Sonargaon”, “Ahsan Manzil”, “Lalbag fort”, “Rangamati” kabi maskanlar o‘zbekistonliklarda o‘zgacha taassurot qoldirishi mumkin.
– Bangladeshda bengal tiliga munosabat qanday? Ona tilini unutib qo‘yish, ingliz tiliga taqlid qilish holatlari uchramaydimi?
– Bangladeshliklar maktabdan boshlab universitetgacha bengal tilida ta’lim oladi. Bu tizim nazorati doimiy e’tiborda. Ona tilimizni saqlab qolish uchun 1952 yil qanchadan-qancha vatandoshlarimiz qurbon bo‘lishdi, axir?!
Yurtimizda bengal tilida gaplashadigan 180 million aholidan tashqari, Hindiston va boshqa qo‘shni davlatlarda bengal tilini tushunadigan, shu tilda so‘zlashadiganlar ko‘p. Qisqasi, Hindistonda 120 million, dunyo bo‘ylab esa 300 milliondan ko‘p odam bengal tilida gaplashadi.
Nyu-York va Londonda bengal tilida faoliyat ko‘rsatadigan telekanallar bor. Bu muassasalarni bangladeshliklar boshqaradi.
Fuqarolarimiz ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganadilar. Chet el kompaniyalari, elchixonalarda ishlashni xohlovchilar, chet elda oliy ma’lumot olmoqchi bo‘lganlar yoki migrantlar ehtiyojiga qarab ingliz tilini o‘zlashtirishadi.
Ingliz tili – bengal tili rivoji yo‘lida to‘siq emas, balki yordamchi vazifasini o‘taydi. Masalan, informatika, dasturlash ilmini egallash uchun ingliz tilini o‘rganish talab etilar, ammo kundalik turmush, ish va shaxsiy hayotda, adabiyot va madaniyat sohalarida bengal tilidan foydalaniladi.
– O‘zbekiston va Bangladesh hamkorligi istiqbolini qanday ko‘rasiz?
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning kelajagi porloq. Yaqinda Bangladeshda parlament saylovi o‘tkazildi va unda Shayx Hasina xonim yana Bosh vazir etib saylandi.
Bilasizmi, yurtingizda keng yo‘lga qo‘yilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasiga o‘xshash islohotlar dasturi bizda ham mavjud – “Bangladesh – 2031. Mamlakat istiqboli”.
Har ikki mamlakat taraqqiyotida bunday hujjatlar dasturilamal vazifasini o‘taydi.
Bangladesh barcha mamlakatlar bilan hamkorlikka tayyor. Demak, O‘zbekiston bilan ham aloqalar yuqori cho‘qqiga ko‘tarilishidan umidvormiz.
– Suhbatimiz so‘ngida saytimiz o‘quvchilariga tilaklaringiz...
– Men O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning barcha o‘quvchilari va tomoshabinlariga ezgu tilaklarimni yo‘llayman. Mamlakatingiz ommaviy axborot vositalarida yoshlar faol ishlayotganini ko‘rib, xursand bo‘ldim.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Nbc7MBeikIQ?si=6tncoEfmSvSYiJDr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Bilasizmi, menga o‘zbek ommaviy axborot vositalaridagi, xuddi ikkalamizning suhbatimizga o‘xshash ko‘tarinki ruhdagi, jonli muloqotlar yoqadi. Ayni payt Bangladesh Milliy axborot agentligi (Bangladesh Sangbad Sangstha) va O‘zA o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi loyihasi tayyorlanyapti. O‘ylaymanki, axborot almashish sohasidagi hamkorligimiz istiqboli ham porloq. Zero, bugungi kunda xolis, ishonchli axborotga ega bo‘lish juda muhim. Fursatdan foydalanib, yurtingizdagi barcha OAV xodimlariga yana bir bor o‘zimning eng samimiy tilaklarimni bildirib qolaman.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.
– Rahmat!
O‘zA muxbiri O‘tkir Alimov suhbatlashdi.