O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Turkiy adabiyotning benazir siymolaridan biri, buyuk ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliyning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoirning g‘azallari, tarji’bandlar, tarji’bandi musaddas, muxammaslar, murabba’lar, qit’alar, ruboiylari, shuningdek, “Arba’iyn” – qirq hadis nazmi, “Layli va Majnun”, “Bangu boda”, “Suhbatul-asmor” dostonlari joy olgan.
Fuzuliy she’riyati barcha turkiy xalqlar orasida tarjimasiz, ortiqcha sharh – izohsiz sevib o‘qiladi. Jumladan, xalqimiz uchun ham ulug‘ shoirning dilbar she’riyati, xususan, “Layli va Majnun” dostoni g‘oyat ma’lum va mashhurdir.
Kitob debochasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘zbek va ozarbayjon xalqlari do‘stligi, birdamligi haqidagi fikrlari bilan tanishasiz. Xususan, davlat rahbarining Muhammad Fuzuliy va uning ijodi haqidagi quyidagi so‘zlari qalbingizda aks-sado bergandek bo‘ladi: “Fuzuliy g‘azaliyoti o‘zbek millati hayotiga shu qadar singib ketganki, hatto badiiy asarlarning qahramonlari ham Fuzuliy devonini o‘qishadi. Masalan, atoqli o‘zbek adibi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarida Otabek Fuzuliy devonini o‘qib o‘tirganida Kumush uning yoniga borib: “Men ham yolg‘iz qolgan vaqtlarimda Fuzuliy devonini o‘qiyman” degan so‘zni aytadi. Qodiriyning bu ifodasi shunchaki oddiy ifoda emas, balki o‘zbek xalqining Fuzuliy dahosiga bo‘lgan muhabbatini aks ettiruvchi samimiy ta’rifdir”.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, taniqli shoir, tarjimon, olim Mirzo Kenjakbekning “Oshiqi sodiq Fuzuliy” nomli katta so‘zboshisi – kirish so‘zi sizni shoir ijodiy olami eshiklarini ochishga, bu go‘zal bog‘ havosidan bahramand bo‘lishga ko‘makchi bo‘ladi.
Derlarki, qilur g‘uncha labi yor ila bahs,
Gulbargi tar ul la’li guharbor ila bahs.
Ul bir necha dilsizlara tuhmatdir bu,
Da’voya kerak lahjai guftor ila bahs...
Yoki
Faryodki, ishq beqaror etdi mani,
Dardu g‘am ila zoru nizor etdi mani.
Xoki sari ko‘yinda g‘ubor etdi mani,
Sargashtavu xoru xokisor etdi mani...
Yurakka qanchalar yaqin satrlar...
Muhammad Fuzuliyning “Tanlangan asarlar”ini, albatta, topib o‘qing...
O‘zA