O‘mon Sultonligining nufuzli shaxslaridan biri, parlament yuqori palatasi – Davlat Kengashi a’zosi, senator, Ijtimoiy va madaniyat masalalari qo‘mitasi raisi professor Muhammad Al-Hajariy O‘zA uchun intervyu berdi.
Eslatib o‘tamiz, Muhammad Al-Hajariy 2024 yil oktyabrda Toshkent va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada bevosita ishtirok etgan.
– O‘zbekiston – islom tamadduni, jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yurt sifatida dunyo tarixida muhim o‘rin egallagan. Movarounnahrdan chiqqan Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, Imom Abdulqohir Al-Jurjoniy, Imom Az-Zamaxshariy kabi ulug‘ ulamolar shariat, tilshunoslik va Qur’on tafsiri sohalarida bebaho ilmiy meros qoldirganlar. Ular tomonidan yaratilgan asarlar islom olamida yuksak qadrlanib, hanuz keng qo‘llanadi. Xususan, aksar mashhur islomshunoslar aynan o‘zbek zaminida ulg‘aygan mutafakkirlar yozgan asarlarni o‘qib, olim bo‘lib yetishgan.
Falsafa va amaliy fanlar bo‘yicha ham o‘zbek allomalari jahon miqyosida tan olingan. Xususan, Ibn Sino “Tib qonuni” asari bilan butun olam tibbiyotiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan, Abu Rayhon Beruniy keng qamrovli ilmiy ishlari orqali global fan taraqqiyotida muhim iz qoldirgan. Al-Farg‘oniyning astronomiya va muhandislik sohalaridagi kashfiyotlari sayyoramiz sivilizatsiyasiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu buyuk ajdodlar ijodi yuksak bahoga loyiq.
Shunday boy merosga ega O‘zbekiston bugungi kunda ham ilmiy va ma’naviy boyligiga tayangan holda, zamonaviy taraqqiyot bilan hamnafas jadal rivojlanmoqda. Eng muhimi, mamlakat tarixiy ilmiy an’analarni saqlab qolish, o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish orqali o‘z intellektual salohiyatini mustahkamlab bormoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/trMl1QFZx4g" title="O‘zbekiston – islom tamadduni, ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yurt" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muharrama Pirmatova,
Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA