Muqobil energiya manbalari, xususan, quyosh va shamol elektr stansiyalarini bunyod etish hayotiy zaruratga aylanib qoldi. Negaki, yurtimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab kundan-kunga oshib bormoqda.
Ayni talablardan kelib chiqib, Energetika vazirligi tomonidan qator investitsiya loyihalari amalga oshirilayotir. Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etishda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tom ma’noda ishonchli hamkorga aylanib ulgurdi.
2021 yil 25 yanvarda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy quvvati 2 500 megavattni tashkil etuvchi 2,5 milliard dollarlik uchta yirik loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolagan edi.
2023 yilning 4 mart kuni tomonlar o‘rtasida O‘zbekistonda ikkita quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimlar imzolandi. Yana shu kuni Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishiga start berildi.
Shu munosabat bilan O‘zA muxbirining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad ABUNAYYAN bilan suhbati ikki davlat o‘rtasida o‘zaro aloqalar, xususan, “yashil energetika” sohasidagi hamkorliklar xususida bo‘ldi.
– O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar 30 yildan oshdi va bugungi kunda ham yanada mustahkamlanib bormoqda, –dedi Muhammad Abunayyan janoblari. – Albatta, mamlakatlarimiz o‘rtasida hamkorlik har doim faol bo‘lgan. Lekin so‘nggi olti yil ichida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari saylanganlaridan keyin aloqalarimiz yanada jadallashdi.
Bunday hamkorlik turli sohalarni qamrab olmoqda. Bunda eng muhim voqealardan biri – bu Prezident janobi oliylarining Saudiya Arabistoniga 2022 yil avgustdagi rasmiy tashriflari bilan bog‘liqdir. Mazkur rasmiy tashrif o‘zaro aloqalarimizda juda ham muhim tarixiy voqea bo‘ldi va o‘zaro munosabatlarimizni faol rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratib berdi.
– Janob Muhammad Abunayyan, siz rahbarlik qilayotgan “ACWA Power” kompaniyasi O‘zbekistonda, xususan, energetika sohasida qanday investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda?
– Yuqorida qayd etganimdek, ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar tufayli energetika sohasida hamkorlik yanada faollashdi. Bu esa kompaniyamiz faoliyatida ham muhim omil bo‘ldi. Ya’ni, biz yurtingizda “yashil energetika” rivoji yo‘lida loyihalarni tatbiq etishga kirishdik.
Tomonlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va kelishuvlar natijasida “ACWA Power” kompaniyamiz tomonidan bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy quvvati 4 100 MVt bo‘lgan 5 ta elektr stansiya, xususan, 2 600 MVt quvvatli 4 ta shamol va 1 500 MVt quvvatga ega 1 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyasi qurilmoqda.
2023 yilning mart oyida Toshkentda “ACWA Power” kompaniyamiz bilan O‘zbekistonda ikkita quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha bitimlar imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Yana shu kuni kompaniyamiz Toshkent viloyatida quvvati 400 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilish ishlarini boshladi.
Bu loyihalarni amalga oshirish maqsadida “ACWA Power” kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida investitsiya va elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida uchta bitim imzolandi.
Mazkur bitimlar Toshkent va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi hamda Toshkent, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 1 200 MVt bo‘lgan uchta energiya saqlash tizimlari joriy etilishini o‘z ichiga oladi. Bu loyihalar ham mamlakatingiz iqtisodiyoti va energetika rivojiga xizmat qiladi, degan umiddaman.
– Albatta, yirik loyihalarni amalga oshirishda sarmoya muhim hisoblanadi. Shu o‘rinda, kompaniya tomonidan O‘zbekiston energetikasi sohasi uchun qancha sarmoya kiritildi?
– Kompaniyamiz 10 ta davlatda, jumladan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika, Janubiy Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalarida mavjud bo‘lgan elektr stansiyalari va chuchuklashtirilgan suv inshootlari portfelining ishlab chiqaruvchisi, investori, hammuallifi va operatoridir.
Endi O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyaga kelsak, shu paytgacha “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan sarmoyalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etgan edi. 2023 yilning mart oyida imzolangan hujjatlar orqali mazkur investitsiyalar hajmi yana 2,5 milliard dollarga oshdi.
– “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyati mamlakatingizdagi boshqa kompaniyalarni jalb qilishda qanday o‘rin tutadi?
– Albatta, bu juda ahamiyatli, ya’ni bizning O‘zbekistonga kirib kelishimiz Saudiya Arabistonidagi boshqa kompaniyalarni ham mamlakatingizga jalb qilishda muhim o‘rin tutadi. Eng muhimi, biz yurtingizda ishonchli hamkorlarni topganmiz. Ularsiz biz hozirgi natijalarga erisha olmas edik.
Ishonamanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarimiz bundan buyon ham faollashib, turli sohalarni qamrab oladi. Bunda nafaqat energetika, balki neft-kimyo sohasi, turizm, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha ham hamkorlik o‘rnatiladi.
O‘zaro munosabatlarimizning bugungi darajaga chiqishida Saudiya Arabistoni podshohi, Saudiya Arabistoni valiahdi va Prezident janobi oliylarining tutgan o‘rinlari juda muhim. Aynan mamlakatlarimiz rahbarlari o‘ylagan va maqsad qilgan ishlarni biz amalga oshirmoqdamiz. Bu biz uchun katta sharafdir. Eng muhimi, bu ishlarimiz nafaqat mamlakatlarimizga, balki ikki davlat xalqi manfaatlariga ham xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.