French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Muhabbatning nomi nechadir?.."
17:27 / 2021-11-27

"Slavutich” Respublika ukrain madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida zamonaviy yosh ukrain shoirlarining o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Muhabbatning nomi nechadir?..” she’riy to‘plamining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi xodimlari, taniqli yozuvchi-shoirlar, “Slavutich” Respublika ukrain  madaniyat markazi boshqaruvi a’zolari va ukrain diasporasi faollari, Ukrainaning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev,  Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev, “Slavutich” Respublika ukrain madaniyat markazi raisi Vladimir Boyko, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, adabiyotshunos olim, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti Adhambek Alimbekov va boshqalar o‘zbek va ukrain adabiy aloqalari mustahkam asosga ega ekanini ta’kidladi.  

O‘zbek shoir va yozuvchilarining mashhur asarlari ukrain tiliga hamda ukrain shoir va yozuvchilarining asarlari o‘zbek tiliga o‘girilgan. Jumladan, buyuk mutafakkir  Alisher Navoiyning mashhur “Farhod va Shirin” asari ukrain tiliga tarjima qilinib, ukrain kitobsevarlariga taqdim etildi. Shuningdek, ukrainalik shoira Lesya Ukrainkaning “Marvarid yoshlari” she’riy to‘plami, yozuvchi Ivan Frankoning “Mangu hayot afsonasi” asari o‘zbek tilida nashr etilganligiga e’tibor qaratildi.

Ukrain millati vakillari “Muhabbatning nomi nechadir?..” to‘plamiga kiritilgan ukrain va o‘zbek tillaridagi she’rlardan o‘qidi. Ukraincha qo‘shiqlar tadbirga bayramona shukuh bag‘ishladi.

So‘zga chiqqanlar “Slavutich” ukrain madaniyat markazi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Sharq yulduzi” jurnali, Ukraina elchixonasi va Qo‘mita bilan hamkorlikda so‘nggi yillarda taniqli ukrain yozuvchi-shoirlari Ivan Franko, Lesya Ukrainka, Taras Shevchenkoning o‘zbek tilida nashr etilgan asarlari bilan uchinchi bor O‘zbekiston kitobxonlari e’tiboriga havola qilinayotganini ta’kidladi.

Bu kabi adabiy-ma’rifiy  tadbirlar do‘stlik rishtalarining yanada  mustahkamlanishiga xizmat qilishi aniq.Shuningdek, kitobxonlarning Ukraina madaniy merosidan keng bahramand bo‘lishi uchun “Muhabbatning nomi nechadir?..” she’riy to‘plami tirajining salmoqli qismi yurtimiz kutubxonalarining barcha viloyat bo‘limlariga yetkazilishiga e’tibor qaratildi.

 N.Usmonova,

 O‘zA muxbiri