French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muhabbat va vafo timsoli
17:48 / 2026-03-06

Mamlakatimizda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ham “Muhabbat va vafo timsoli – muqaddas ayol!” mavzusida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, professor-o‘qituvchilar, litsey va maktab professor-o‘qituvchilari, xodimlar, talabalar hamda mehmonlar ishtirok etdilar.

Akademiya rektori Muzaffar Kamilov  yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Rektor har bir ta’lim olayotgan talaba-qizlar kelgusida nafaqat oilasi, balki jamiyatning ma’naviy muhitini sog‘lomlashtirishda soha mutaxassisi sifatida xizmat qilishiga ishonch bildirishini ta’kidladi. O‘z bilimi, odob-axloqi bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan, turli yutuqlarga erishayotgan talaba-qizlarni alohida e’tirof etdi.

Darhaqiqat, ayol, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish asrlar davomida shakllangan an’ana-qadriyatlarimizdan biridir. Bugungi kunda Akademiyadagi har bir xotin-qiz uchun munosib shart-sharoit yaratib berilgan bo‘lib, namunali xulqi, yoshlar tarbiyasida fidoyiligi hamda ilmiy salohiyati bilan o‘rnak bo‘lmoqda.

Marosimda Akademiya, akademik litsey va maktabning bir guruh faol ayol xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, o‘zining tashabbuskorligi, o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh talaba-qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan marosimda yurtimizning taniqli san’atkorlari kuy-qo‘shiqlar ijro etdi. Akademiya ijodkor talabalarining she’riy chiqishlari, “Hamid Olimjon va Zulfiya muhabbati” sahna ko‘rinishi, «Ziyo-zukko» ta’lim muassasasi o‘quvchilari ijrosida yangragan raqs va qo‘shiqlar, talabalar ijrosidagi hazillarga boy bo‘lgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri