English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mug‘ol qishlog‘i muammolari qachon o‘z yechimini topadi?
18:51 / 2025-02-06

Jizzax viloyatining Zomin tumani Mug‘ol qishlog‘i aholisi qator noqulayliklar va infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

Zomin tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 45-sonli umumta’lim maktabi aynan shu qishloqda joylashgan bo‘lib, ta’lim maskanida 350 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Qishloq o‘quvchilarining talab darajasida ta’lim-tarbiya olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan. 

Yetarli ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlanmaganligi tufayli qish fasli bo‘lsada, bino isitilmayotir, sinfxonalar sovuq. Bu esa bolalarning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmoqda.

Maktabda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham mavjud. Qishloqdagi transformatorning nosozligi sababli ta’lim muassasasida tez-tez elektr uzilishlari yuz berib turibdi. Bu, shubhasiz, o‘quv jarayonlariga salbiy ta’sir etmoqda.

O‘quvchilar maktabga har kuni katta avtomobil yo‘lidan o‘tib kelishadi. Lekin maktab yaqiniga na radar, na svetafor o‘rnatilgan. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarining buzilishiga va farzandlar hayotining xavf ostida qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bundan o‘quvchilarning ota-onalari xavotirda.

– Qish mavsumi uchun 60 tonna ko‘mir olib kelgan edik, lekin u hozir tugadi, yana 30 tonna ko‘mirga ehtiyojimiz bor, – deydi maktab direktori Zafar O‘razaliyev. – Ushbu maktab binosi 2008 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda eshik va derazalar eskirib, chirib ketgani sababli, plyonka qoqib qo‘yishga majbur bo‘lganmiz. 

[gallery-21629]

Sport zalimiz yo‘qligi uchun tashqarida o‘tishi ko‘zda tutilgan jismoniy tarbiya darsi ochiq sport maydonchamizda o‘tkazilmoqda, ammo maydon loyligi tufayli bu saboqni o‘tishda ham muammo tug‘ilmoqda. Ushbu yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga bir necha bor og‘zaki va yozma murojaat qildim. Natija bo‘lmagach, tuman hokimligiga chiqdik. 

Qishloqda elektr infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar ham mavjud bo‘lib, elektr ustunlari o‘rnatilgan bo‘lsa-da, hanuzgacha elektr uzatuvchi simlar tortilmagan. Bu mahallada yashovchi aholining kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmayapti.

Qishloq yaqinidagi “Mug‘ol” qabristonidan 4 ta qishloq aholisi foydalanib kelayotganligi sababli, u yerda joy yetishmovchiligi muammosi yuzaga kelgan. Aholi bir necha bor, qabristonga qo‘shimcha 5 gektar yer ajratilishini so‘rab murojaat qilgan bo‘lsada, mutasaddi tashkilotlar bu masalani nima uchundir e’tibordan chetda qoldirishmoqda.

Qabriston obodonlashtirilmagan, atrofiga o‘ralgan panjaralar sinib, yiqilib, chorva mollarining kirib ketish holatlari tez-tez uchrab turibdi. Tabiiy ofatlardan himoya qilinmaganligi sababli yaqinda sodir bo‘lgan yog‘ingarchilikdan hosil bo‘lgan sel oqimi qabristonning bir qismini yuvib, talafot yetkazgan. Bu esa qabrlarning cho‘kish, buzilish holatlariga olib kelmoqda. 

To‘g‘risi, “Mug‘al” qabristonidan foydalanib kelayotgan 4 ta qishloq aholisiga ham unchalik qoyil qolmadik. Tumandagi qator qabristonlarda har hafta- 10 kunda mahallalar ahli hashar uyushtirib, tozalik- obodonlashtirish ishlarini amalga oshirib turgan bir vaqtda bu yerda oxirgi marta qachon hashar uyushtirilganini ham eslay olishmasa kerak?

Hududda chorva mollari uchun yetarli yaylov maydonlari ajratilmagan.

– Qishlog‘imiz aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi. Aholining 3 – 3,5 ming atrofida qo‘y-moli bor. Bir necha yildan beri tuman, viloyat hokimliklariga qishloq chorvasi uchun yaylov ajratib berishini so‘rab murojaat qilganmiz. Lekin muammo hal bo‘lgani yo‘q. Bizning iltimosimiz chorvamizga yaylov ajratib berishsin, – deydi shu qishloqda istiqomat qiluvchi mahalla faoli Abdug‘affor Umirzoqov.

Hudud aholisi maktab, elektr, qabriston va boshqa infratuzilma bilan bog‘liq muammolar yuzasidan bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilgan ekan. Biroq hozirgacha hech qanday amaliy choralar ko‘rilmagan.

Mug‘ol qishlog‘i aholisi tezkor choralar ko‘rishni va bu muammolarga jiddiy e’tibor qaratishni talab qilmoqda.

Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari