Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov: Umrachilar soni 10 ming nafarga yetdi, yana boradiganlar bo‘lsa, shuncha o‘rin beramiz!
10:53 / 2022-02-24

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 22 yanvarda ilk ziyoratchilar Saudiya Arabistoniga uchgan bo‘lsa, hozirda har kuni Jidda va Madina shaharlariga ikki marta aviaparvoz muntazam amalga oshirilmoqda. Bu esa ziyoratchilarimiz soni tobora ko‘payib borayotganidan darak beradi.

Idora raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Nukus shahridagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidiga tashrifi chog‘ida bu haqda to‘xtalib o‘tgan. 
- Hozirgi kunda dunyo bo‘yicha Umra ziyoratiga boruvchilarning eng ko‘pini o‘zbekistonlik ziyoratchilar tashkil etmoqda, — deydi. Muftiy N.Xoliqnazarov. — Hatto Malayziyadan kelganlardan ham ko‘p ekan. Shu kecha kunduzda umrachilarning soni 10 mingga yetdi. Bundan keyin ham ziyoratchilar soni ortib boraveradi, yana qancha boradiganlar bo‘lsa, shuncha o‘rin beriladi. Yurtboshimiz inson qadrini ulug‘lash haqida ko‘p bor ta’kidlab, “qayerda bo‘lsa, inson qadrlansin” deyaptilar. 

Biz ham shunga amal qilgan holda, muborak ziyoratga otlangan yurtdoshlarimiz uchun Makka va Madina shaharlarida barcha shart-sharoitlar yaratishga harakat qildik. Birinchi navbatda, ziyoratchilarimiz uchun eng yuqorida darajadagi Masjidul Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar tanlandi. Bunday qulaylik ularga emin-erkin ibodatu ziyorat qilish imkonini bermoqda. Buning uchun Yaratganga shukronalar aytmog‘imiz, sharoitlarni qilib berayotgan hukumatimizdan minnatdor bo‘lmog‘imiz lozim. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar 10 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz muborak ziyoratni ado etdi. Umra tadbirlarini 10 nafar ishchi guruh boshqarayotgan bo‘lsa, 200 nafar tajribali ellikboshi va 45 nafar shifokor jalb etilgan. Ular ziyoratchilarining salomatligi, shart-sharoiti va kundalik ehtiyojlaridan doimiy nazorat qilib borishmoqda. 

Go‘zal Sattorova, O‘zA